O‘zbekiston | 19:00 / 05.08.2019
183094
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti necha kunga ta'tilga chiqishi mumkin?

Prezident necha kun mehnat ta'tiliga chiqishi mumkin? U mehnat ta'tiliga chiqqanda uning vazifalarini kim bajarib turadi? Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev masalaning shu jihatlariga e'tibor qaratgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga binoan, Prezidentga muddati 36 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan ta'til beriladi.

«Prezident mehnat ta'tiliga chiqqanda uning vazifalari kimningdir zimmasiga yuklanishi haqida qonunchilikda birorta qoidaga ko‘zim tushmagan. Menimcha, bunday qoida yo‘q va bu to‘g‘ri. Chunki Prezident xalq tomonidan saylangan oliy vakolatlarga ega shaxs hisoblanadi, uning vazifalarini vaqtincha xalq saylamagan shaxsga berilishi joiz emas», — deydi Xushnud Xudoyberdiyev.

Faqat Konstitutsiyaning 96-moddasida birgina qoida bor, amaldagi Prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisining zimmasiga yuklatiladi. «O‘z vazifalarini bajara olmaydigan holat»ga aynan nimalar kirishiga izoh berilmagan, lekin mehnat ta'tili bunga kirmasligi aniq.

Davlat rahbarining mehnat ta'tiliga chiqqanligi to‘g‘risidagi 2 qatorli kichkina xabar to‘rt jihatdan muhim ahamiyatga ega:

Birinchidan, bu Prezident matbuot xizmati uchun yangilik. Mustaqil O‘zbekiston tarixida hali biror marta bu haqida ma'lumot berilmagan. Birinchi Prezident Islom Karimovning mehnat ta'tiliga chiqqanligi to‘g‘risida hech qachon matbuotga xabar berilmagan. Demak, matbuot uchun beriladigan ochiq xabarlar yo‘nalishi yana bittaga boyidi.

Ikkinchidan, 2017 yilda Prezident tomonidan hukumat vakillari hamda rahbarlar uchun 2 yilga favqulodda holat e'lon qilingan edi. Bugungi xabar o‘z-o‘zidan ushbu favqulodda holat yakunlangani va ish tartibida xotirjam bo‘lish mumkinligiga ishoradir.

Uchinchidan, bizda yillar davomida mehnat ta'tiliga chiqmasdan ishlash o‘ziga xos «an'ana» tusiga kirgan. Ayniqsa rahbarlar orasida. Ularning mehnat ta'tiliga chiqishi, xuddiki ishdan qochish yoki dangasalik sifatida qaralishidan xavotir olishadi. Ammo albatta bu mehnat qonunchiligi bo‘yicha ma'qullanmaydigan «an'ana».

Prezidentning mehnat ta'tiliga chiqqanligi haqidagi xabar shunisi bilan ijobiyki, bu quyi bo‘g‘in rahbarlariga yana bir o‘ziga xos signal vazifasini o‘taydi. Demak, qolgan rahbarlar ham mehnat ta'tiliga chiqishi mumkin, bu uyatli ish emas, yoxud o‘sha rahbarsiz butun tizim taqa-taq to‘xtab, ishlar orqaga ketib qolmaydi.

So‘nggi 3 yillikda mehnat qonunchiligiga oid bu kabi signallar ko‘p bora berildi. Yakshanba kuni ishga chiqmaslik, shanba kuni vaqtliroq ketish, erta tong yoki yarim kechasi majlislar qilmaslik va h.k. Garchi ahvol yaxshilangan bo‘lsa-da, ammo ming afsuski hali amaliyotda bunga to‘la rioya qilinmoqda, deya aytish qiyin. O‘sha-o‘sha majlisbozlikni davom ettirayotganlar ham yo‘q emas. Lekin eng muhimi bu gaplarning eng yuqori darajada aytilayotgani, turli signallar berilayotgani.

To‘rtinchidan, davlat rahbarining mehnat ta'tiliga chiqqanligi to‘g‘risidagi xabar Turkmaniston prezidenti bilan bo‘lgan hodisaga o‘xshash voqealarning oldini olish uchun ham berildi. Ma'lum muddat matbuotda chiqish qilmaslik ortidan turli mish-mishlar paydo bo‘lishi mumkin edi.

Mavzuga oid