O‘zbekiston | 14:17 / 05.08.2019
42690
7 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shko‘pir tuman hokimligi sudda yutqazdi. Fermer o‘ziga nisbatan bosimlar bo‘layotganini aytmoqda

Respublikaning turli hududlaridan hokimiyat tomonidan fermerlarga qarashli yerlar olib qo‘yilishi masalasida tahririyatga murojaatlar kelishi davom etmoqda. Bu safargi murojaat Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida istiqomat qiluvchi fermer oilasidan kelib tushdi.

Fermer Rasul Xudoyberganovning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 yanvarida «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida ularning yerlari 100 gektar qilib qayta tashkil etilgan. Shundan 50 gektariga g‘alla, 8 gektariga paxta ekilgan va qolgan qismi boshqa fermerchilik tarmoqlari uchun foydalanilmoqda. Tuman hokimi Jo‘rabek Rahimov fermerning paxta ekilgan dala qismiga o‘z e'tirozini bildirib, «yaxshi parvarishlanmagan» deya u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish bo‘yicha sudga bergan.

«Hokim hech qanday sud qarorisiz bizni o‘z yerimizga kiritmay qo‘ydi. Shu sababli bir necha tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Hokim e'tiroz bildirayotgan dalalar qaror asosida bu yil, endigina bizga qo‘shib berildi. Yerni yaxshilab o‘rganishimga hech bo‘lmasa, bir yil kerak bo‘ladi. Hokim bo‘lsa, yerga e'tibor bermagansan, deb bizni sudga berdi.

4 iyul kuni bu ish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Qonun bo‘yicha hokimiyat avvaliga ogohlantirish berishi, kamchiliklarni to‘g‘rilashimiz uchun vaqt berishi kerak ekan. Ular bu talablarni bajarmagandi. Shuning uchun sud da'vo arizasini qanoatlantirmadi.

Hokim qabuliga kirsam «Sen fermerlik qila olmaysan. Sening faoliyatingni tugatamiz», dedi. 1999 yildan beri oilamiz fermerlik bilan shug‘ullanib keladi. O‘tgan yili suv muammosi bo‘lib ozgina qiynaldik, lekin el qatori rejani 80 foizga bajardik. Undan avvalgi yillar rejalarni ortiqcha qilib topshirganman. Barcha texnikalarim mavjud. Tuman hokimi g‘alla rejasini ham to‘ldira olmaydi dedi. Lekin ortiqchasi bilan bajardim. O‘zimga ham qoldi», - dedi Rasul Xudoyberganov.

Shundan so‘ng, ikkinchi tarafdan izoh olish maqsadida tuman hokimi Jo‘rabek Rahimov bilan suhbatlashdik. Uning so‘zlariga ko‘ra, fermerlar agrotexnika qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani sababli tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi salbiy xulosa bergan. Tuman yer resurslari va davlat kadastri ham paxta yetishtirish, g‘o‘za tarbiyasi masalasida hokimga tegishli taqdimnoma kiritgan. Shular asosida yer ijara shartnomasini bekor qilish uchun fermer sudga berilgan. Lekin sud da'vo arizasini ko‘rib chiqib, uni qanoatlantirishdan rad etgan. Endilikda fermer faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Suhbat davomida fermerning otasi aynan o‘sha vaqtda ayrim mutasaddilar bilan sodir bo‘lgan voqeani tuman hokimiga tushuntirib berdi. Uning ta'kidlashicha, maqbullashtirish jarayonlaridan so‘ng, yerni olayotgan vaqtida tuman hokimi xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lgan. Chigitning holati yaxshi bo‘lishiga qaramay, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va boshqa bo‘limlardan bir necha kishi fermerning dala maydoniga borib, chigitni qaytadan ektirishgan.

Oradan vaqt o‘tib, yana ayrim mansabdorlar kelib hech qanday sud qarorisiz dalolatnoma tuzib ularni daladan haydab chiqargan. Keyin tuman prokuroriga yozma murojaat qilgan. Tuman prokurori sud qarorisiz fermerning yerini tortib olinishi mumkin emasligini, hokimlikning bunga vakolati yo‘qligini tushuntirgan.

«Siz qonunan o‘z faoliyatingizni davom ettirishingiz kerak. Sizga berilgan yerdan olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari butun xalqqa berilishi lozim. Yildan yilga paxta va g‘alla narxi oshirib kelinmoqda. Yuqori hosil olinib fermer ham boy bo‘lsin, xalqqa ham berilsin. Fermerlikni rivojlantirib ko‘p tarmoqli faoliyatga o‘tish kerak.

Sizga tazyiq o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar sizga har qanday ko‘rinishda bosim bo‘ladigan bo‘lsa, menga ayting. Sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Halol fermerlar himoyamizda. Qo‘limizdan kelgan barcha ko‘makni berishga doim tayyormiz», - deya va'da berdi tuman hokimi.

O‘tgan yili Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bekobod tumaniga tashrifi chog‘ida viloyatda faoliyat yuritayotgan fermerlar bilan suhbatlashgandi. O‘shanda prezident mamlakatning asosiy daromadi qishloq xo‘jaligidan ekanini ta'kidlagandi.

«Fermer dalaga chiqdimi, mehnati samarasidan uy, mashina olsin, farzandlarini o‘qishga kirgizsin, uylantirsin», degandi davlat rahbari. Shuningdek, fermerlarga davlat tomonidan yetarli shart-sharoitlar yaratib, mutasaddilar ularni qo‘llashi zarurligi aytilgandi.

Davlat rahbari fermerlarni o‘z himoyasiga olayotgan zamonda nega Qo‘shko‘pir tumanining ba'zi rahbarlari shu kabi fermerlar faoliyatiga to‘siq bo‘lib kelmoqda? Davlat rahbari ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishni doim ta'kidlamoqda. Rasul Xudoyberganov ham mana shunday fermerlar toifasidan bo‘lsada, nega hokimlik ayrim mansabdorlari fermerga sun'iy bosimlar o‘tkazib, uni sudma-sud yugurtirdi? Fermer yer bilan shug‘ullansinmi yoki sudga borib o‘zini himoya qilsinmi? Nega davlat rahbari boshlagan islohotlar joylardagi rahbarlar ongiga singimayapti? Tuman hokimi fermerni o‘z himoyasiga olishga va'da berdi. Unga kerakli imkoniyatlarni yaratishda ko‘maklashishga va'da berdi. Hokimlik fermerni yana sudga beradimi yoki uni qo‘llab-quvvatlaydimi?

Kun.uz voqealar rivojini kuzatadi.

Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirrahimov Mirvohid tasvirchi

Mavzuga oid