O‘zbekiston | 13:44 / 18.01.2021
7389
2 daqiqa o‘qiladi

Fermerga nohaqlik qilgan Chiroqchi tuman hokimligi 10 mln so‘m xarajatga tushdi

Chiroqchi tumani hokimligi fermer xo‘jaliklaridan biri bilan tuzilgan ijara shartnomasini nohaqdan bir tomonlama bekor qilgani uchun 12 million so‘mdan oshiqroq davlat boji to‘laydigan bo‘ldi. Fermer xo‘jaligining yeri esa fermerga qaytariladi. Bu haqda Kun.uz’ga Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyati bo‘limi xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Chiroqchi tuman hokimining 2020 yil 8 apreldagi HQ-712/04-son qarori bilan «Ilg‘or» fermer xo‘jaligi (fermer xo‘jaligining nomi o‘zgartirilgan) bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bir taraflama bekor qilingan.

Mazkur holat yuzasidan murojaatlari  hokimlik mutasaddilari tomonidan ijobiy qanoatlantirilmaganidan so‘ng, «Ilg‘or» fermer xo‘jaligi tuman hokimi qarori yuzasidan Chiroqchi tuman ma'muriy sudiga murojaat qiladi.

Amaldagi qonun hujjatlari talabiga muvofiq ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi. Shunga qaramasdan, sudning birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi qarorlari bilan «Ilg‘or» fermer xo‘jaligining tuman hokimining 2020 yil 8 apreldagi HQ-712/04-son qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizasi rad qilinadi.

Shundan so‘ng «Ilg‘or» fermer xo‘jaligi qabul qilingan sud qarorlaridan norozi bo‘lib Biznes-ombudsman devoniga murojaat qiladi.

Holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan fermer xo‘jaligi manfaatida 2020 yil 23 oktyabrda Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat kiritiladi. Oliy sudning ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati 2020 yil 16 dekabrda chiqargan qarorida nazorat shikoyatini qanoatlantirib, Chiroqchi tuman hokimining fermer xo‘jaligi manfaatida zid tarzda chiqargan qarori haqiqiy emas deb topiladi.

Bundan tashqari, sudning hal qiluv qarori bilan Chiroqchi tuman hokimligidan 12 842 770 so‘m davlat boji va sud xarajatlari uchun «Ilg‘or» fermer xo‘jaligi foydasiga 572 840 so‘m undirish belgilanadi.

Mavzuga oid