Jamiyat | 23:28 / 12.08.2019
10579
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalganmidi?

Foto: Fotolia

UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida Samarqandda o‘tkazilgan tadbirda viloyatda qizamiq epidemiyasi tarqalganligi to‘g‘risidagi xabarlarga aniqlik kiritildi.

Tadbirga taklif etilgan viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya markazi bosh vrachi o‘rinbosari Zulfiya Qo‘chqorova holat yuzasidan izoh berdi.

«Bir necha kundan beri Samarqandda epidemiya tarqalgani — qizamiq kasalligi bilan yotqizilganlar soni yuzlab ekani ta'kidlanmoqda. Gap shundaki, aslida 371 nafardan ortiq bemor bilan qizamiq uchun tahlil o‘tkazilgandi va bu haqda jamoatchilikka xabar berilgandi. Bu xabar «Samarqandda qizamiqqa chalingan bemorlar soni 371 ta ekan», qabilida tarqatib yuborildi. Holbuki, yuqoridagi tahlil natijalaridan so‘ng viloyatda jami 29 nafar bemor qizamiqqa chalingani aniqlandi.

Shu tarzda 2019 yil yanvardan 5 avgustgacha bo‘lgan muddatda Samarqand viloyatida 29 nafar kishida qizamiq kasalligi aniqlangan. JSSTning xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelganligi tasdiqlandi. Yurtimizda har bir fuqaro qizamiqqa qarshi emlanadi», dedi Zulfiya Qo‘chqorova.

Shuningdek, UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ayni vaqtda yurtimizdagi umumiy epidemik vaziyat haqida ham axborot berildi. Unga ko‘ra, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmagan. Vakolatxona vakili Nargiza Egamberdiyevaning Kun.uz muxbiriga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda:

·       Har yili 2,5 milliondan ortiq bolalar emlanadi;

·       Emlash qamrovi 95 foizdan yuqori ko‘rsatkichlarda;

·       Immunizatsiya bepul, majburiy va qulay;

·       3000 dan ortiq emlash punktlari mavjud;

·       JSST va UNICEF bilan hamkorlikda vaksinalar bilan uzluksiz ta'minlash, sovuqlik zanjiriga rioya etish yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid