Jamiyat | 14:55 / 20.08.2019
64690
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 3 milliardga yaqin pul saqlanayotgan bankni o‘marishga urinishdi

Foto: KUN.UZ

Temir eshikni ochishga mo‘ljallangan uchi o‘tkir ikkita temir jism, katta miqdordagi pulni solish uchun maxsus tayyorlangan polietilen qop, oshxona pichog‘i va maxsus qo‘lqop... Payariqlik 24 yoshli T.D. ana shu narsalar bilan «qurollanib» «Xalq banki» Payariq tuman filialini o‘marmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi raisi Shuhrat Sharipov Kun.uz`ga xabar bermoqda.

Sudda ma'lum bo‘lishicha, T.D. bank hovlisiga devordan oshib tushgan. O‘sha kuni bank xazinasida 655 million so‘m, 263 ming AQSh dollari va 675 yevro – jami 2 milliard 900 million so‘mga yaqin mablag‘ bo‘lgan.

Bank hovlisiga tushgan o‘g‘ri pullar saqlanadigan xona temir eshigini o‘zi tayyorlagan maxsus qurollar bilan ochishga urinayotgan bir vaqtda binoda bo‘lgan Payariq tumani IIB qo‘riqlash bo‘limi xodimi temir eshik ovozini eshitib, voqea joyiga yetib kelgan.

IIb xodimini ko‘rgan T.D. qochishga urinadi. Uni quvish vaqtida xodim «To‘xta, otaman» deb ogohlantirgan. Ammo jinoyatchi to‘xtamagach, havoga qaratib o‘q uzgan. O‘q ovozidan qo‘rqib ketgan T.D. to‘xtab, yerga yotgan. Shu tarzda bank o‘g‘irligi oldi olingan.

Payariq tuman prokurori katta yordamchisi Abdumannon Sheraliyevning Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, bankni tunash bilan bog‘liq o‘g‘irlik yurtimizda kamdan kam uchraydigan hodisa hisoblanadi. Sudlanuvchi T.D. esa oldin ham o‘g‘irlikka qo‘l urgan. U savdo do‘koni va fuqarolardan birining uyiga shu maqsadda tushgani ma'lum bo‘lgan. T.D. avvalgi o‘g‘irlik «operatsiyalari» «muvaffaqiyatli chiqqach», bankni tunashga qaror qilgan.

Sud «Xalq banki»ning tuman fillialiga o‘g‘irlik qilish maqsadida kirishga uringan T.D.ga 6 yil-u 6 oylik qamoq jazosi tayinladi.

Mavzuga oid