O‘zbekiston | 08:23 / 26.08.2019
127342
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahri hokimi ishdan ketdi. Shaharga vaqtinchalik hokim tayinlandi

Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev ishdan ketdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

26 avgust kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Dilmurod Rahmatullayev lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilingan. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur yig‘ilishda Bahromjon Nosirboyevich Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tanishtirildi.

Bahromjon Nosirboyevich Haydarov

Bahromjon Haydarov 1972 yil tug‘ilgan, ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - iqtisodchi, moliya. U 2018 yil fevral oyidan buyon Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Dilmurod Rahmatullayev 2016 yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelayotgandi. U 2017 yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta'lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani tasvirlangan audioyozuvlar tarqalib ketganidan keyin internetda mashhur bo‘lgandi. 

Dilmurod Rahmatullayev 2018 yilning aprelida bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun, budjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun hayfsan olgan, bosh vazir u oxirgi marta ogohlantirilayotganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid