Zaharlab o‘ldirilgan itlar: Samarqand viloyati hokimligi bayonot berdi, ikki amaldor ishdan ketdi
Shu kunlarda Samarqand shahridagi «Istiqbol» mahallasida itlar zaharlab o‘ldirilishi voqeasi keng muhokama etilmoqda. Bu holat fuqarolarning haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyul «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 202-sonli qarori bilan qarovsiz itlarni tutish bilan joylarda obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari shug‘ullanishi belgilangan.
Samarqand shahrida ham aynan ushbu masalaga Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi huzurida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari tashkil etilib, ushbu masalaga mas'ul etib belgilangan.
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video soha mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilib, natijalari muhokama etildi.
«Ming afsuski, ushbu hodisani itlarni o‘ldirish bilan emas, aksincha, ularni davolash, ro‘yxatga olish va o‘z vaqtida emlab borish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishi zarur bo‘lgan Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mas'ullari amalga oshirgani aniqlandi.
O‘rganish natijalaridan kelib chiqib, Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i O.Allamurodov hamda Samarqand shahar veterinariya bo‘limi Siyob vetuchastka mudiri U.Rajabov bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi», - deyiladi hokimlik ma'lumotida.
Qayd etilishicha, bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning quyi bo‘limlari rahbarlari, vetuchastka mudirlari qat'iy ogohlantirildi.
Mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishini ta'minlash maqsadida o‘rganish natijalari viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Viloyat hokimligi barcha samarqandliklarga murojaat qilib, shu kabi noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lganda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, telegram messenjeri yoxud 1177 ishonch telefoni orqali hokimlikni xabardor qilishga hamkorlikka chaqirgan.
Bundan avvalroq ushbu mavzuda surishtiruv o‘tkazilib, «Samarqandda o‘ldirilgan itlar mojarosi: ularni kim va nima sababdan zaharladi?» sarlavhali material e'lon qilingandi.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024