O‘zbekiston | 19:49 / 10.09.2019
19450
3 daqiqa o‘qiladi

Nega talabalar turar joylarida o‘rin yetishmaydi? Vazirlik mas'ullari munosabat bildirdi

10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy ta'lim vazirligi mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov jurnalist tomonidan viloyatlardan poytaxtga o‘qish uchun kelgan talabalarga universitetlardagi turar joylarda o‘rin yetishmayotgani bo‘yicha berilgan savolga javob qaytardi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha umumiy hisobda 55 ming o‘ringa ega bo‘lgan 189ta talabalar turar joyi mavjud. Hozirda respublika bo‘yicha tahsil olayotgan umumiy 414 ming nafar talabadan o‘rtacha 80 ming nafari turar joyga ehtiyoj sezadi. Demak, talabning 40 foizi qondirilmay qolmoqda.

«Talabalar turar joylari davlat dasturi asosida quriladi. Hozirgi talabni qoplaydigan turar joylar qurilishi uchun 3,5 trillion so‘m mablag‘ talab etiladi. Oliy ta'lim muassasasining o‘zi talabalar turar joyi xarajatlarini ko‘tara olmaydi, buning uchun davlatdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Hozirgi xarajatlar bilan barcha talabni birdaniga qondirish qiyin. Talabalar turar joylari bosqichma-bosqich ko‘paytirilmoqda. Misol uchun, 2019 yilda 7ta talabalar turar joyi qurib, foydalanishga topshirildi. Talabalar turar joylarini qurishda davlat-xususiy sherikchiligiga ham e'tibor qaratilmoqda. Bunga tadbirkorlarni jalb qilish, binoning birinchi qavatidan ruxsat berilgan maqsadlarda foydalangan holda, talabalar uchun turar joylar faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rilmoqda», deya Buzrukxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori G‘anisher Rahimov ham masala yuzasidan fikr bildirdi.

«Har o‘quv yilida talabalarga cheklangan sondagi turar joyni taqsimlab berish muammo bo‘ladi. Shu bois, turar joy birinchi galda muayyan me'yorlarga to‘g‘ri keluvchi talabalarga, ya'ni nogironlar, ko‘zi ojizlar, chin yetimlar, kam ta'minlanganlar, uzoq viloyatdan kelganlarga beriladi. Bugungi kunda bir-ikki og‘iz iltimos bilan talabalarni turar joyga joylashtirib bo‘lmaydi», deydi u.

Mavzuga oid