Sport | 22:56 / 16.09.2019
20658
2 daqiqa o‘qiladi

Uning sayohati yakun topdi: 55 ta futbol jamoasi bilan ishlagan rekordchi murabbiy vafot etdi 

Foto: DPA

O‘z faoliyati davomida 32 ta davlatning 55 ta futbol jamoasi bilan ishlagan germaniyalik murabbiy Rudi Gutendorf 93 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Nemis futbol ittifoqi saytida ma'lum qilindi. 

Mutaxassis 15 sentyabrda vafot etgan. “Biz katta qalb bilan ajralib turgan va har kuni bizga ijobiy his-tuyg‘ular ulashgan insonni yo‘qotdik”, deyilgan Gutendorf oilasi xabarida.

Marhum faoliyati davomida boshqargan klublari soni bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. Shu sababli “tinib-tinchimas Rudi” taxallusini olgan.

Gutendorf o‘zining murabbiylik faoliyatini 1946 yilda boshlab, bir qator nemis klublari bilan ishlagan. 1955 yilda Shveytsariyaga ko‘chib o‘tgan. So‘ngra u 50 yil davomida ko‘plab davlatlarni kezib, 5 ta qit'ada klublar va terma jamoalarga murabbiylik qilgan. Gutendorf faoliyati davomida 18 ta terma jamoa, 37 ta klubni, jumladan Avstraliya, Chili, Boliviya, Nepal, Xitoy terma jamoalarini, “Duysburg”, “Shtutgart”, “Shalke” klublarini boshqargan. U boshqargan so‘nggi jamoa Samoa terma jamoasi bo‘lgan (2003 yil).

 

Mavzuga oid