O‘zbekiston | 15:45 / 20.09.2019
36984
3 daqiqa o‘qiladi

«Human» xususiy bandlik agentligi direktoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

16 sentabr kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIO FMBga jamoaviy ariza kelib tushdi. Bu haqda IIBB xabar bermoqda.

Jami 52 kishidan tashkil topgan va respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar ma'lum qilishicha, ular O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2018 yil noyabr oyida taqdim etilgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan “Human” bandlik agentligi” MChJ bilan 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning sentabr oyigacha shartnomalar tuzishgan. 

Shartnomalarga ko‘ra, MChJ ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi MChJning hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan. Shu tarzda “Human” bandlik agentligi” MChJning hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1 670 500 000 so‘m kelib tushgan.

Biroq, arizachilardan hech biri chet elda ishga joylashtirilmagan. MChJ jabrlanuvchilarga pullarni qaytarib bermaganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘zining rasmiy saytida xabar bergandi.

Qayd etilishicha, tergovoldi harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB va prokuraturasi tomonidan hamkorlikda olib borilgan. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu MChJ direktori 29 yoshli Sh.F. jalb qilindi.

Yuqoridagi arizachilardan tashqari, hozirgi vaqtda respublikaning boshqa viloyatlaridan ham arizachilar murojaat qilishmoqda, deyiladi xabarda.

“Agarda siz ham ushbu agentlik harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu ish bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lsangiz, 71-230-98-40 raqami orqali murojaat qiling”, - deya yakunlangan IIBB ma'lumoti.

Mehnat vazirligi «Human» xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziyani vaqtinchalik to‘xtatdi 

Mavzuga oid