Jamiyat | 11:40 / 21.09.2019
11130
5 daqiqa o‘qiladi

«Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar har bir davlatda bo‘lishi kerak» – Shvetsiyalik taniqli siyosatchi bilan suhbat

Taniqli siyosatshunos, Shvetsiya Xalq liberal partiyasining sobiq rahbari, mamlakat Oliy ta'lim va tadqiqotlar sobiq vaziri Lars Lyonborg 15-20 sentabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. Buxoro va Toshkentga safari davomida u O‘zbekistonning fuqarolik jamiyati qurish sohasida amalga oshirayotgan islohotlari bilan tanishdi.

Toshkentda hukumat vakillari va inson huquqlari faollari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda Lyonborg mamlakatdagi ijobiy islohotlar haqida o‘z fikrini bildirdi hamda fuqarolik jamiyati qurishda Shvetsiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tashrif va seminar-treninglar davomida unga «Ezgulik» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov va boshqa mutasaddilar hamrohlik qildi. Tadbirlar Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Lars Lyonborg tashrifi yakunida, O‘zbekistondan jo‘nab ketish asnosida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lib, bu yerdagi taassurotlari, ta'lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikrlari va fuqarolik jamiyati qurishdagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Assalomu alaykum, janob Lars Lyonborg, O‘zbekistonga xush kelibsiz!

– Katta rahmat!

– Tashrifingiz mobaynida Toshkent va Buxoroda ko‘plab tadbirlar, seminar-treninglarda qatnashdingiz. Bu tadbirlardagi ishtirokingiz va umuman mamlakat to‘g‘risidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

– Aytishim mumkinki, O‘zbekiston hozirga kelib prezident Mirziyoyevning tashabbusi bilan asta-sekin dunyoga ochilib bormoqda. Bu esa juda ijobiy holat. Chunki endilikda siz dunyoning boshqa davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdasiz. Men Shvetsiya ta'lim sohasi vakili sifatida O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarimiz tobora rivojlanib borayotganidan mamnunman.

– Siz Oliy ta'lim vaziri sifatida faoliyat yuritgansiz, shundaymi?

– Ha, shunday.

– Bu sohada yuqori malakaga ega mutaxassis sifatida O‘zbekistondagi oliy ta'lim sifatini qanday baholagan bo‘lardingiz?

– Men, albatta, ta'lim tizimingiz to‘g‘risida batafsil ma'lumotga ega emasman, ammo aytishim mumkinki, O‘zbekiston hozirda ma'lum sohalarda katta yutuqlarga erishmoqda. Ilm-fan va taraqqiyotga bo‘lgan ulkan qiziqishimdan kelib chiqib ayta olamanki, ta'lim va fan sohasini rivojlantirishga e'tibor qaratgan har qanday davlat taraqqiyotda ilgarilab boradi.

– Ma'lumki, siz O‘zbekistondagi «Ezgulik» jamiyati bilan hamkorlikda ishlaysiz. Kelishuv asosida Toshkentda tashkil etilgan loyihalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘ta olasizmi?

– Avvalambor aytishim kerakki, ushbu tashkilot fuqarolik jamiyatida muhim o‘rin tutadi. U yerda ishlovchi hamkasblarim qiyin vaziyatda qolgan, muammoga yo‘liqqan fuqarolarga yordam beradi. Bu kabi tashkilotlar har bir davlatda bo‘lishi tarafdoriman. Loyihalar juda ko‘p va ularni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan biz ham manfaatdormiz.

Lars Lyonborg

– Fuqarolik jamiyatini yanada shakllantirishda O‘zbekiston nimalarga ahamiyat berishi kerak? Sizningcha, qanday o‘zgarishlar zarur?

– Fikrimcha, xuddi boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston ham ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilishi kerak va bu borada prezidentingiz amalga oshirayotgan islohotlar o‘zini oqlamoqda, deb aytish mumkin. Chunki iqtisodiyot jihatdan tobora dunyo davlatlariga ochilib borishingiz, savdo aloqalarini mustahkamlab borayotganingiz hamda xususiy biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlayotganingiz o‘z samarasini ko‘rsata boshladi.

Ishonamanki, sizlar to‘g‘ri yo‘ldan bormoqdasiz. Bu – O‘zbekistonda o‘tkazgan so‘nggi bir hafta davomidagi xulosalarim.

– O‘zbekiston bilan hamkorlikda qanday loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdasiz?

– Bu yerdagi hamkasblarimni Shvetsiyaga taklif qildim. Ular bilan birgalikda hamkorlik masalalarini muhokama qilib, aloqalarni yanada mustahkam qilish bo‘yicha bir to‘xtamga kelamiz, degan umiddaman.

– Qisqa va maroqli suhbat uchun rahmat. Sizni yana Toshkentda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz.

– Men ham bunga umid qilib qolaman. Ko‘rishguncha.

Mavzuga oid