Jamiyat | 12:48 / 01.10.2019
47869
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda shunday taomil shakllangan: davlat xizmatchilari boshliq ketmaguncha ofisda qolishlari kerak – Reuters

Sentabr oyida Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiyalarning birida, ishtirokchilar o‘z joylarini egallayotgan mahal, erishilgan kelishuvlarni ma'qullab o‘zini u yoq – bu yoqqa tashlayotgan davlat xizmatchisi dabdurustdan yiqilib tushdi, deb yozadi Reuters.

Xalqaro agentlik xabariga ko‘ra, hushini yo‘qotgan erkakni o‘rnidan turg‘azib qo‘yishayotganida, hamkasblari u hoynahoy jiddiy stress holatida tadbirga kelgan bo‘lganini ta'kidlab qo‘yishgan.

«Yuz bergan voqea va atrofdagilarning bunga munosabati – O‘zbekistonda davlat xizmatchilari kuniga 15 soatdan va dam olish kunisiz 3 yil ishlaganidan keyin ayniqsa charchoq oqibatida kelib chiqadigan muammoli holatlarga tez-tez duch kelib turadi, degan tasavvurlarni o‘zida aks ettiradi.

Shu boisdan ham, Markaziy Osiyoning iqtisodiyoti tobora ochilib borayotgan bu davlatiga keluvchi xorijlik mansabdor shaxslar mahalliy amaldorlar bilan uchrashuvlar chog‘ida qo‘shimcha noodatiy vazifa bilan to‘qnash kelishadi: ulardan mezbon tomon vakillarining uyg‘oq o‘tirganiga ishonch hosil qilish talab etiladi.

«Tush vaqtidagi uchrashuv chog‘ida u ikki marta uxlab qoldi», – degandi g‘arb mamlakatidan kelgan moliyachi o‘rta darajadagi o‘zbek amaldori bilan uchrashuvdan so‘ng.

33 million aholiga ega sobiq sovet respublikasida hukumat ishchilari orasida uzoq vaqt mobaynida shakllangan an'ana bor – ular o‘z boshliqlari ketmagunga qadar ofisni tark eta olishmaydi», – deyiladi xabarda.

Reuters'ning eslab o‘tishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tizimdagi ana shu charchoqni tushungani uchun ham o‘tgan oy davlat xizmatchilariga shanba kunlari soat 17:00da ish joyini tark etish va yakshanbani oila a'zolari bilan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan.

Ammo shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan agentlikka intervyu bergan o‘zbekistonlik rahbar xodim amalda o‘zgarish bo‘lmaganini aytgan.

«Lekin aslida hech narsa o‘zgarmay qoldi. Men hali ham ishga ertalab soat 8da kelib, yarim kechasi ko‘pincha soat 1-2da uyga qaytaman. Farzandlarimni ketma-ket bir necha kun davomida ko‘rmagan paytlarim ham bo‘ladi», – degan anonim amaldorning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Mavzuga oid