O‘zbekiston | 19:33 / 07.11.2022
25200
7 daqiqa o‘qiladi

«1,5 million so‘mgacha» – davlat xizmatchilari uchun sovg‘a olish va uni tasarruf etish tartiblari belgilanmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safari va rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a, taqiqlangan sovg‘alar, sovg‘aning qiymati hamda uni tasarruf etish tartibiga doir hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. 

Foto: Getty Images

7 noyabr kuni e’lon qilingan mazkur Nizom bilan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati va uni tasarruf etish tartibi belgilanmoqda. Hujjatga amal qilish davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati quyidagicha belgilanmoqda:

-        davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan (bugungi kunda 1,5 million so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda.

Taqdim etilgan sovg‘aning miqdori belgilangan miqdordan oshgan taqdirda, oshgan qismi xodim tomonidan davlat tashkilotiga to‘lash orqali sovg‘ani tasarruf etishi mumkin bo‘ladi.

Loyihada hukumat qarori bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxslar bundan mustasno ekanligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilariga taqdim etilgan sovg‘a mehmon tomonning ramzlari va logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alar baholanmasligi va uni xodim o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishi belgilanmoqda.

Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan qabul qilinadigan sovg‘a:

  • O‘zbekistonning qonunchilik hujjatlari va davlat organining ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi;
  • ixtiyoriy, aniq bir sabab, voqea munosabati bilan qabul qilinishi va taqdim etilishi hamda mazkur belgilangan miqdordan oshmasligi va hashamat predmeti bo‘lmasligi;
  • sovg‘ani qabul qilish yoki taqdim etish natijasida biror bir tarafning shaxsiy manfaatdorligi, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi, xususan, xolis qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi;
  • sovg‘a xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda ochiq va oshkora qabul qilinishi va taqdim etilishi, davlat organi obro‘-e’tiboriga putur yetishiga olib kelmasligi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan taqdim etiladigan sovg‘a uning shaxsiy hisobidan amalga oshirilmasligi;
  • sovg‘a berish tabrik nutqi bilan birgalikda, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea o‘zining aniq ifodasini topgan, shuningdek diplomatik protokol talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a taqdim etilishini talab qilish, so‘rash yoki sovg‘a berishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga:

-        naqd yoki naqdsiz pul;

-        qimmatli qog‘ozlar;

-        kriptovaluta;

-        barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar, o‘q-dorilar;

-        giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir etuvchi preparatlar;

-        pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan nashr hamda materiallarni sovg‘a sifatida qabul qilish yoki taqdim etish taqiqlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga taqdim etilgan gullar, oziq-ovqatlar tashkilotlarning kanselyariya to‘plamlari sovg‘a deb qabul qilinmaydi va rasmiylashtirilmaydi.

Xizmat safarlari va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan delegatsiya rahbariga taqdim etilgan sovg‘a qiymatidan qat’i nazar, davlat organi tasarrufiga o‘tkaziladi hamda baholanmaydi.

Davlat xizmatchisi o‘ziga berilgan sovg‘aning qiymatini so‘rashi yoki uni baholash uchun ekspertizaga topshirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, o‘ziga taqdim qilingan sovg‘a to‘g‘risida uch ish kuni ichida davlat organining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasiga hisobot taqdim qiladi. Bundan sovg‘aning qiymati ichki yoki tashqi ekspertiza yordamida aniqlanadi.

Agar sovg‘aning bahosi belgilangan miqdordan (BHMning 5 barobaridan) ortiq bo‘lsa masala quyidagicha hal qilinadi:

-         sovg‘a taqdim etilgan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun davlat organiga to‘lov amalga oshiriladi va sotib olinadi. Sovg‘ani sotishdan tushgan mablag‘ davlat organining budjeti yoki budjetdan tashqari daromadlari hisobiga o‘tkaziladi;

-        agar davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun to‘lovni amalga oshirishni hamda sotib olishni rad etsa, davlat organining tegishli mas’ul tuzilmasi tomonidan rasmiylashtirilib, davlat organi balansiga o‘tkaziladi.

Hujjatda ushbu talablar buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ushbu Nizom loyihasi muhokamasi 22 noyabrga qadar davom etadi. Unda qatnashib, o‘z takliflaringizni berishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan belgilanadi.

Mavzuga oid