Jamiyat | 22:59 / 02.10.2019
77646
2 daqiqa o‘qiladi

Qabrni tavof etayotgan va zinalarga sajda qilayotgan odamlar videosi tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqda ayollar va bolalar tomonidan qabrning tavof qilinayotgani, shuningdek, zinalarga bosh qo‘yib, sajda etilayotgani haqidagi video tarqaldi.

Azon.uz saytining Youtube kanaliga joylashtirilgan videolavha Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Zarkent qishlog‘ida joylashgan «Zarkent bobo» ziyoratgohida olingani aytilgan. 

Unda bir guruh ayollarning qabr ustunlarini birma-bir tavof qilib, o‘payotganini, shuningdek, qabrga olib chiquvchi zinalarga bosh qo‘yib, sajda qilayotganini ko‘rish mumkin. Lavhada voyaga yetmagan bolalar ham kattalar ortidan bu amallarni takrorlamoqdalar.   

Videolavhani suratga olgan kishi bu amallarning eng katta gunoh bo‘lmish shirk ekani, Islom dinimizga zid ekani, dindan uzoqlashish, Islomning asl mohiyatini anglamaslik oqibatida kelib chiqayotgani, bunday amallar kasofatidan yurtimizdan baraka ko‘tarilayotgani, tog‘lardagi buloqlar qurib qolayotgani, bularga o‘zimiz sababchi ekanimizni, o‘zimiz yo‘l ochib berayotganimizni aytgan. 

«Bunaqasini qayerda ko‘rgansiz? Bundan ortiq shirk bormi? Har bir zinaga bosh qo‘yib, sajda qilishyapti», - deb tugatadi lavhani tasvirga oluvchi.

Mavzuga oid