O‘zbekiston | 21:25 / 02.10.2019
42826
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir bemorning yaqinlari tajovuziga uchragan shifokor holidan xabar oldi va Bosh prokurorga murojaat qildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 6-podstansiyaning tez tibbiy yordam shifokori Jahongir Hojiyevning o‘ziga nisbatan bemor yaqinlari tomonidan tajovuz qilingani haqidagi murojaati e'lon qilingan edi. Unda shifokor bemorning qarindoshlari tomonidan haqoratlanib, unga jarohat yetkazilgani haqida aytilgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ayni paytda 7-klinik shifoxonada davolanayotgan Jahongir Hojiyev holidan xabar oldi, uning sog‘lig‘i bilan qiziqdi. Respublikaning yetakchi mutaxassislari bilan konsilium o‘tkazib, ushbu shifokor sog‘ayib ketishi uchun lozim bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Va shu kunning o‘zida unga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi 7-klinik shifoxonadan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga davolanish uchun ko‘chirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Vazir o‘z huzur-halovatidan kechib, o‘zgalarga shifo baxsh etayotgan, insonlar dardiga darmon bo‘layotgan shifokorlarning haq-huquqlarini qat'iy himoya qilish uchun alohida huquqiy hujjat qabul qilish vaqti allaqachon kelganini, yelkasiga ulkan mas'uliyatni olib, inson salomatligi yo‘lida tun-u kun xizmat qilayotgan kasb egalariga nisbatan bo‘layotgan salbiy munosabatlarni o‘zgartirish zarurligiga e'tibor qaratdi. Eng muhimi, har bir tibbiyot xodimi mehnat faoliyati, haq-huquqi vazirlik himoyasida ekanini ta'kidladi. Shuning uchun ham Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shifokorlarga tajovuz qilish kabi illatning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan har bir noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat'iy javobgarlikni kuchaytirish barobarida uni nazoratga olish kerakligi bo‘yicha shu yilning 2 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildi.

O‘z navbatida Jahongir Xo‘jayev tibbiyot xodimlari obro‘sini yuksaltirish yo‘lida hamisha o‘z hissasini qo‘shishini qat'iy bildirib o‘tdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid