O‘zbekiston | 15:26 / 12.10.2019
30352
3 daqiqa o‘qiladi

«Tonnalab osh damlagandan ko‘ra, gektarlab yerni ko‘kalamzorlashtirib rekord o‘rnatish kerak»-  O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi

Senatning 23-yalpi majlisida O‘zbekistonda daraxtlarning noqonuniy kesilishi va o‘rmon fondi yerlaridan noto‘g‘ri foydalanilishi masalasi muhokama qilindi. Muhokama davomida so‘zga chiqqan O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov O‘zbekistondagi o‘rmon fondiga kiruvchi yerlarning holati xususida axborot berib, sohadagi muammolarni sanab o‘tdi. 

O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov

Qo‘mita raisining bayonotiga ko‘ra, respublikaning 3,2 mln gektar hududi o‘rmon bilan qoplangan. Bu umumiy maydonning 7 foizini tashkil etadi. Ularning ham 821 ming gektarigina madaniy o‘rmonzorlar. Demak, mamlakat hududining atigi 2 foizi o‘rmon bilan qoplangan xolos. Shunday sharoitda o‘rmon fondi bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjud. 

“O‘rmon fondi yerlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Mahalliy hokimliklar o‘rmonning naq o‘rtasidan fermerga yer ajratib berishyapti. U yerga chorva kirib, hamma narsani payhon qiladi. Shuningdek, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasi ko‘chatlarni yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 10 yillab vaqt davomida bizda bitta ham chinor ko‘chati yetishtirilmagan. Tut ko‘chati bilan ham shu ahvol. Bu esa ko‘kalamzorlashtirish masalasini yana ham qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, o‘rmon fondi yerlarini kengaytirish hisobiga ishchi o‘rni yaratish masalasiga ham e'tibor qaratish lozim”, — deydi Nizomiddin Bakirov. 

Bakirovga ko‘ra, ko‘chat ekish orqali ko‘kalamzorlashtirilayotgan hududlar respublikaning ekologik muammolari mavjud bo‘lgan hududlari bilan qiyoslaganda juda ham kam. Shuningdek, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanishda aynan o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan qonunbuzilishi holatlari sodir etilmoqda, natijada 18 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan. O‘rmon fondi yerlarini kengaytirish hisobidan ishchi o‘rni yaratish kerak.

“Faqatgina Orol fojiasi emas, undan tashqari ham ekologik muammolarimiz talaygina. Tonnalab osh damlab rekord o‘rnatishga uringandan ko‘ra, gektarlab yerlarni ko‘kalamzorlashtirish orqali rekord o‘rnatish maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, — deya ta'kidlaydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi.

Mavzuga oid