Jamiyat | 16:48 / 16.10.2019
148002
3 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Otajonov, Abdulla Qurbonov va yana ikki san'atkorning litsenziyasi qaytarib berildi

Jamoatchilikning keskin noroziligi ortidan «O‘zbekkonsert» Jahongir Otajonovning ikki kun oldin bekor qilingan litsenziyasini tiklashga majbur bo‘ldi.

Ayrim sabablarga ko‘ra «O‘zbekkonsert» tomonidan litsenziyasi muddatidan oldin to‘xtatilgan san'atkorlar Jahongir Otajonov, Abdulla Qurbonov, Shahlo Ahmedova va Halima Ibragimovaga ijodiy faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat berildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, chorshanba kuni «O‘zbekkonsert»da bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda shunday qarorga kelingan.

«Ular bundan buyon o‘z ijodlarini rivojlantirish va xalqimizga astoydil xizmat qilishlarini ma'lum qilganliklari sabab ularning vaqtincha olib qo‘yilgan va tugatilgan litsenziyalarini qaytarganligimizni ma'lum qilamiz», – dedi muassasa direktori Odiljon Abduqahhorov.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining san'at ahliga bo‘lgan g‘amxo‘rliklari, kechirimliligi hamda e'tibori soha xodimlariga bemisl kuch-g‘ayrat baxsh etadi. Bunday e'tiborga asl san'at namunalarini yaratish, xalqimizga astoydil xizmat qilish bilangina javob qaytarishimiz lozim», – deb qo‘shimcha qildi u.

Abduqahhorov o‘z so‘zida «O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganib, muammolariga yechimi topish va xalqni rozi qilish uchun keng ko‘lamli ishlar» qilinayotganini, o‘zi rahbarlik qilayotgan muassasa ham «bu islohotlardan to‘liq xulosa chiqargan holda, o‘z faoliyatini ana shunday prinsiplar asosida olib borayotgani»ni ham ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasi ikki kun oldin, 14 oktyabrda tugatilgan edi. «O‘zbekkonsert»ning bu haqdagi bayonotida Otajonov «o‘zining ma'naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlari orqali muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini muntazam ravishda buzib kelgani» aytilgandi. Davlat muassasasining bu qaror va bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

Xonanda Abdulla Qurbonov esa shu yil may oyida, qiziqchi Halima Ibragimova fevralda litsenziyasidan mahrum bo‘lgandi.

Mavzuga oid