Sport | 20:25 / 18.11.2019
5393
1 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyalik tennischi ATR yakuniy musobaqasining 18 yil ichidagi eng yosh g‘olibi bo‘ldi

21 yoshli gretsiyalik tennischi Stefanos Tsitsipas Professional tennischilar uyushmasining (ATP) yakuniy musobaqasi g‘olibi bo‘lib, ushbu musobaqaning oxirgi 18 yil ichidagi eng yosh g‘olibiga aylandi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 9 mln dollarni tashkil qilgan.

Londonda o‘tgan musobaqa finalida dunyoning 6-raqamli tennischisi 26 yoshli avstriyalik Dominik Timni (5-raqamli tennischi) mag‘lub eta oldi. 2 soat 35 daqiqa davom etgan uchrashuv Tsitsipas foydasiga 6:7 (6:8), 6:2, 7:6 (7:4) hisobida yakunlandi.

Bungacha ATR yakuniy musobaqasining eng yosh g‘olibi Leyton Xyuitt hisoblangan. U 2001 yilda 20 yoshida ushbu musobaqada zafar quchgan.

Yakuniy musobaqada dunyo reytingining eng kuchli 8 tennischisi ishtirok etib, ular 2 guruhga bo‘linganlar. Tsitsipas va Timdan tashqari, musobaqada rossiyalik Daniil Medvedev, germaniyalik Aleksandr Zverev, ispaniyalik Rafael Nadal, serbiyalik Novak Jokovich, shveysariyalik Rojyer Federer, italiyalik Matteo Berrettini ishtirok etgan. 

Musobaqa yakuniga ko‘ra, Nadal mavsumni dunyo reytingining 1-o‘rnida, Jokovich 2-o‘rnida va Federer 3-o‘rnida yakunladi.

Mavzuga oid