O‘zbekiston | 15:04 / 21.11.2019
34384
2 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasi qurbonlari bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza haqida ma'lumot berildi

21 noyabr kuni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi mutasaddilari ishtirokida «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Oqto‘be fojyeasida halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlikning jasadi qay darajada sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilgani haqida savol berilgan.

«Oqto‘be fojyeasi qurbonlari bo‘yicha ekpertiza o‘z vaqtida to‘la-to‘kis o‘tkazilgan, to‘rt kun ichida yakunlangan. 51 nafar jasadning shaxsi qozog‘istonlik hamkasblar bilan birgalikda, faqat bir nafarining shaxsi O‘zbekistonda aniqlandi.

Jasadlardan turli namunalar olindi, qarindosh-urug‘laridan turli namunalar olinib solishtirildi. O‘z vaqtida qisqa muddat ichida barcha ishlar belgilangan tartiblarga muvofiq yakunlangan», – deydi respublika sud ekspertiza markazi direktori Akram Xalilov.

Matbuot anjumanida, shuningdek, sud-ekspertlik faoliyatidagi yangiliklar va amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Ma'lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning malakali sud ekspertiza xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarini, shuningdek ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud ekspertizaning yangi turlari, xususan sud-psixologik ekspertizasi, sud-elektrotexnika ekspertizasi, oziq-ovqat mahsulotlarining sud ekspertizasi, sud lingvistik ekspertizasi, sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi va sud kompyuter-texnik ekspertizalarini joriy qilish yuzasidan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda 21dan ortiq tasdiqlangan mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Markaz laboratoriyalarini ISO-17025 xalqaro standarti talablariga muvofiq halqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan.

Mavzuga oid