O‘zbekiston | 14:41 / 21.11.2019
73374
2 daqiqa o‘qiladi

DNK tahlilini ixtiyoriy o‘tkazish narxi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda 2 mln. 83 ming so‘mga oddiy DNK tahlilini o‘tkazish mumkin.

Foto: Andrew Brookes / Cultura

21 noyabr kuni Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi vakillari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida endilikda ixtiyoriy tarzda o‘tkaziladigan DNK tahlillari, ularni o‘tkazish tartibi va narxlari haqida ma'lumot berildi.

«DNK tahlillari turli sabablarga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin, eng ko‘p uchraydigan sabablar otalik yo onalikni belgilash hisoblanadi. Bunda talabgor o‘z ixtiyori bilan kelib ariza yozadi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qiladi. Biz turli namunalar (odatda qon yoki so‘lak) olamiz va bir oyda natijasini bildiramiz. Barcha ma'lumotlar sir saqlanadi. Agar bu ma'lumotlar sudga dalil sifatida taqdim etiladigan bo‘lsa, ulardan foydalanish yoki rad etish sudning vakolatida.

DNK tahlillari oddiy, o‘rta va murakkab turlarga bo‘linadi. Oddiysini o‘tkazish narxi 2 mln. 83 ming so‘mni tashkil qiladi. O‘rta tahlillar bahosi ikki barobar ortiq. Murakkabga alohida hisob-kitob qilinadi», – degan davlat sud-eksperti Asilbek Normatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Asilbek Normatov

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan anjumanda 2019 yil 17 yanvardagi «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosi bo‘yicha ma'lumot berildi.

Ma'lum qilinishicha, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga sud ekspertizalarining 44ta turini o‘tkazish huquqi berilgan.

Qaror bilan 2019-2020 yillarda sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 25 banddan iborat «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.  Bundan tashqari, xodimlarning ijtimoiy muhofazasi, moddiy ta'minoti yaxshilangan va eng muhimi hukumat qarori bilan moddiy-texnika bazani modernizatsiya qilish va zamonaviy laborator uskunalar bilan jihozlash uchun 3 mln. 326 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Mavzuga oid