O‘zbekiston parlamenti tarixida Konstitutsiyaga zid qonunlar qabul qilinmagan – Aktam Hayitov
O‘zbekiston Oliy Majlisi o‘z tarixi mobaynida konstitutsion normalarga zid keluvchi qonunlar qabul qilmagan, deb hisoblaydi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi yetakchisi Aktam Hayitov.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Hayitov bu haqda 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Demokratik debat»da aytib o‘tgan.
«Deputatlar Konstitutsiyaga va boshqa qonunlarga zid qonunlar qabul qilinishiga qarshi tura oladi. Men aniq bilaman, parlament tarixida hali Konstitutsiyamizga zid bo‘lgan qonunlar qabul qilinmagan. Hozir ham, bundan keyin ham qabul qilinmaydi», – deb ta'kidladi O‘zLiDeP lideri.
Aktam Hayitovdan oldin so‘z olgan «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov 2019 yil aprelida «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgarish boshqa bir qonunga zid bo‘lganiga e'tibor qaratdi.
«Qonunchilikda haqiqatan bir-biriga teskari tushirib qoladigan normalar uchrab turadi. Huquqshunoslarimiz yaxshi bilishadi, bunaqa holat bor. Ayniqsa, misol uchun, «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonun bilan «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi»gi qonunlar bir-biriga zid kelib qolgani kabi.
Xuddi shunga o‘xshash qonunlar qabul qilinmasligi uchun bu safar fraksiyamiz juda ham mustahkam ishlashiga va'da bera olamiz», – dedi Qodirov.
Aktam Hayitov bunga javoban tilga olingan ikki qonun o‘rtasida yuridik kolliziya yo‘qligini ishonch bilan ta'kidladi.
«[Alisher Qodirov] «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar. U yerda ham bir-biriga zid keladigan normalar yo‘q. Buni yuristlarimiz yaxshilab ko‘rib chiqishdi. Bizdagi yuristlarning saviyasi ham yetarli darajada. Ishoning, bundan keyin ham parlamentimiz qonun ijodkorligi borasida xalqimizga naf keltiradigan, bir-biriga zid bo‘lmagan va hayotiy qonunlarni qabul qiladi», – deydi O‘zLiDeP yetakchisi.
Ma'lumot uchun, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikricha, fermer xo‘jaliklarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga; yirik tadbirkorlarning esa Savdo-sanoat palatasiga a'zoligi qonun bilan majburiy etib belgilangani – Konstitutsiya, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida» va «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunlar hamda xalqaro normalarga ziddir.
Mavzuga oid
17:01 / 15.12.2024
Barcha kommunal xizmatlar bir paketga birlashtirilishi mumkin
19:14 / 23.11.2024
Polshalik fermerlar Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ydi
23:36 / 20.11.2024
Britaniyalik fermerlar yangi meros solig‘i bekor qilinishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi
18:21 / 11.11.2024