O‘zbekiston | 13:23 / 04.01.2020
31295
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger Otabek Nuritdinovga chiqarilgan ma'muriy qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: fb.com/otabek.nuritdinov1

2019 yil 4 yanvar kuni Andijon viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida fuqaro Abdufatto Nuritdinov (bloger Otabek Nuritdinov) tomonidan Andijon viloyat ma'muriy sudining 2019 yil 30 dekabrdagi qarori ustidan kassatsiya tartibida keltirgan shikoyati ma'muriy ish hujjatlari asosida ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 30 dekabr kuni Andijon viloyat ma'muriy sudining ochiq sud majlisida Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan fuqaro A. Nuritdinovga oid Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi bilan yuritilgan ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.
 
Sud qaroriga ko‘ra, A. Nuritdinov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.

Sud majlisida A. Nuritdinov ishtirokida jabrlanuvchilar va guvohlar so‘roq qilindi. Huquqbuzarning ko‘rsatmalari va himoyachisining muzokara so‘zlari tinglandi.

Mazkur ma'muriy ish Andijon viloyat ma'muriy sudi sudyasi D. Xalilov raisligida ko‘rib chiqildi.

Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning xabar berishicha, sud ushbu ma'muriy ish materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rgangan holda A. Nuritdinovning kassatsiya tartibida berilgan shikoyatini rad qilib, qanoatlantirilmasdan qoldirish va Andijon viloyat ma'muriy sudi tomonidan 2019 yil 30 dekabrdagi unga nisbatan chiqarilgan qarorni o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilinganligi ma'lum qilindi.

Sudda raislik etuvchi tomonidan ishda ishtirok etgan shaxslarga e'lon qilingan qarorning mazmun mohiyati hamda kassatsiya instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lgan taraflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atiga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi, deyiladi Oliy sud ma'lumotida.

Mavzuga oid:

Andijonda bloger uchta ayblov bilan 15 sutkaga qamaldi

Otabek Nuritdinov kim va u nega qamaldi?

Oliy sud 15 sutkaga qamalgan andijonlik bloger ishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Andijonda qamalgan bloger sud qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berdi

Mavzuga oid