Light | 12:10 / 12.01.2020
24544
7 daqiqa o‘qiladi

Nega hamma ham a'lo natijaga erisha olmaydi?

Khan Academy O’zbek loyihasi ta'lim va inson fe'l-atvori sohalarida izlanishlar olib boruvchi taniqli tadqiqotchi, o‘ndan ortiq kitoblar muallifi, bir nechta ixtisoslik bo‘yicha mukofotlarga sazovor bo‘lgan Alfi Konning maqolasini o‘zbek tilida taqdim etdi.

Hozirgi zamon maktablarining ish uslubi majburiy tarzda o‘qitiladigan fanlarga va o‘quvchilardan yuqori natijalarni talab qiluvchi standartlashtirilgan testlarga qaratilgan. Bularning bari «qattiqqo‘llik», «maqsadlarni kengaytirish» va «yanada og‘ir standartlar» kabi shiorlarga asoslangan.

Tasavvur qilaylik, keyingi yilda deyarli barcha talabalar imtihonda a'lo baholar olishdi. Bu holatga siyosatchilar, ishbilarmonlar hamda OAVning munosabati qanday bo‘ladi? Balki, ular hayrat bilan: «Ofarin, bu o‘qituvchilarning tinimsiz mehnati natijasidir!» deyishar. 
Albatta, yo‘q. Ular bunday ajoyib muvaffaqiyatni test sinovlarining juda oson bo‘lgani bilan izohlashadi.

Bizda natijalarning juda tez yaxshilanishiga munosabat doim shu ko‘rinishda bo‘lib kelgan. Misol uchun, 2009 yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha imtihonda yuqori natijalar qayd etilganida, shtat boshqaruv kengashi raisi shunday degan edi: «Fikrimcha, bugungi natijalarni nishonlashning o‘rniga, Nyu-York shtati o‘zi uchun yanada yuqori standartlarni belgilashi kerak».

Tashvishga soladigan tomoni shundaki, «yuqori standartlar»ning asl ma'nosi «bir vaqtning o‘zida barcha talabalar yeta olmaydigan standartlar»dir. Agar barcha talabalar mos keladigan holat yuz bersa, qaysidir talaba, albatta, yiqilishi uchun bu standartlar, shunchaki, yanada og‘irlashtirib qo‘yiladi.

Standartlarni belgilashdan maqsad – hech bir bolani chetda qoldirmaslik emas. Aksincha, bunday yondashuv bug‘doyni somondan ajratish uchun yaratilgan murakkab saralash uskunasiga o‘xshaydi. Tanasining rangi boshqacha o‘quvchilar, daromadi kam oiladan chiqqan va ona tili ingliz tili bo‘lmagan o‘quvchilarning somon sifatida ajratilishi bu harakatning qanchalik noto‘g‘riligini ko‘rsatadi.

Ammo, yuqorida tasavvur qilgan misolimiz ta'lim muassasalari uchun «maqsadlarni kengaytirish» shiorining asl mohiyatini ko‘rsatib beradi. Bizni har safar qaysidir guruhning barcha a'zolari g‘alaba erishganda shubha bilan qarashga o‘rgatishgan. G‘irrom yo‘l tutilganiga hech qanday isbot bo‘lmasa-da, bunday gumonga borish barchamizga singdirilgan. Amerikada a'lo natijaga erishish juda qiyin deb hisoblanadi. Muvaffaqiyat faqat sanoqli insonlar tomonidan erishilgandagina tan olinadi.

Bunday xulosaga kelishning sabablaridan biri qiyoslashdir. Ya'ni, natijalar yaxshilanishiga qaramasdan, natijalarning teng yarmi o‘rtadan past bo‘ladi va mag‘lubiyat sifatida baholanadi.

Boshqa tomondan, oliy ta'limda keng tarqalgan «baholarning oshishi» muammosiga e'tibor qarataylik. Masalaga real qarasak, hozirda ko‘pchilik talabalar a'lo baholar olayotgan bo‘lsa-da, bu a'lo baholar sonining avvalgiga nisbatan oshganini bildirmaydi. Ammo, aksariyat tanqidchilar: «Vaqt o‘tishi bilan arzimagan sabablarga ko‘ra baholar oshib borgan va o‘quvchilar bunga loyiq emas», deb ta'kidlashmoqda. Ular go‘yo ko‘p miqdorda a'lo baho olish nomaqbul ishday, ma'lum bir maktab yoki sinflarda a'lo bahoga loyiq ko‘rilganlar soniga shubha bilan qarashmoqda. 

Nyu-Jyersi kollejida faoliyat olib boruvchi faylasuf Richard Kamber shunday deydi: «Agar baholar qandaydir ma'noga ega bo‘lsa, unda o‘z darajasiga mos muvaffaqiyatga olib borishi kerak».

Boshqacha aytganda, baho kim g‘olib bo‘layotganini ko‘rsatishi kerak. Talabalar kirish imtihonlaridan o‘tgan bo‘lsa, nima qilibdi? Ular yana va yana saralanishi kerak. Bunda ta'lim maskanlarining asosiy vazifasi bilim berish emas, balki doim kimdir mag‘lub bo‘ladigan o‘yin yaratish bo‘lib qolmayaptimi?

Qaysi tomondan o‘ylab ko‘rmang, bu hech bir qarashga to‘g‘ri kelmaydi. Ehtimol, havoning ifloslanganlik darajasi, sog‘liqni saqlash tizimi yoki ta'lim tizimining ishlashiga qarab, shtat va hududlarga baho berib chiqarmiz. Ammo bundan nima foyda? Bir-biriga qiyoslash bizga qoniqarli natija bermaydi, chunki bu qanday o‘lchovni ishlatishimizga qarab, uyaltiradigan darajada past yoki hayratda qoldiradigan darajada yuqori bo‘lishi mumkin. Qiyoslash faqatgina g‘olibga faxrlanish huquqini beradi («Biz 1-o‘rindamiz!»). Bu esa aksariyat insonlar uchun doimiy va muqarrar muvaffaqqiyatsizliklarning yolg‘on tasavvurini yaratadi.

Lekin, nima bo‘lsa ham, biz qiyoslab baho berishni yaxshi ko‘ramiz. Bundanda yomoni – ba'zilar erisha olmaydigan cheklangan miqdordagi sovrinlarni atayin o‘ylab topamiz.

Raqobat sharoitida a'lo natija ko‘rsatish amalda ham muvaffaqiyat kaliti bo‘lishiga kafolat yo‘q. Darhaqiqat, ijtimoiy sohadagi ba'zi tadqiqotlarga ko‘ra, raqobat inson potensialini pasaytiradi. Bu samarali hamkorlik darajasini kamaytirib, tizimda turli «o‘yinlar»ni rag‘batlantiradi va e'tiborni rivojlanishga emas, boshqalardan o‘zib ketishga jalb qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, hamma ham muvaffaqiyatga erishmayotgan bo‘lishi mumkin, lekin nazariy jihatdan barchamiz muvaffaqiyatli bo‘la olishimiz mumkin.

Alfi Kon.
Maqola Khan Academy Oʻzbek tomonidan tarjima qilindi.
Telegram | Facebook

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazari bilan mos kelmasligi mumkin

Mavzuga oid