O‘zbekiston | 23:42 / 22.03.2020
9102
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida maktab xodimlari tungi navbatchilikka jalb etilishi haqida topshiriq yo‘q ― XTV

Vazirlik «tashabbuskor» hududiy rahbarlarga murojaat qilib, hukumat bunday topshiriq bermaganini eslatib qo‘ydi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev 22 mart kungi brifingda chiqish qilib, karantin davrida maktab xodimlarining ish tartibi xususidagi savollarga javob berdi.

«Karantin vaqtida ta'lim muassasalarida tungi navbatchilik tashkil etilishi rejalashtirilmagan. Lekin joylarda «tashabbuskor», turli darajadagi ayrim rahbarlar tomonidan tungi navbatchilik tashkil etish haqida topshiriqlar berilayotganligi to‘g‘risida xabarlar kelmoqda. Xalq ta'limi vazirligi barcha mahalliy hokimliklarga ta'lim muassasalarida tungi navbatchilik tashkil etish haqida Hukumat (maxsus komissiya) tomonidan rasmiy topshiriq berilmaganligini eslatib o‘tadi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlari keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Dilshod Kenjayev karantin davrida maktab jamoasidan kimlar va nima sababdan faoliyatini davom ettirishini tushuntirdi.

«O‘quvchilar uchun qo‘shimcha e'lon qilingan ta'til davrida masofadan turib o‘quv jarayonini tashkil etish hamda ta'lim muassasa va tashkilotlarning bino va inshootlarini samarali saqlash ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiya jarayonini tashkil etish maqsadida o‘z faoliyatini ish joyida amalga oshiradigan rahbar va xodimlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Bular ― maktab va maktab-internatlarda direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari (yoki xo‘jalik ishlari mudiri), psixolog, yoshlar yetakchisi, farrosh (hovli supuruvchi), ishchi, qorovul.

Masalan, hozirgi kunda joylarda SEOM xodimlari bilan birgalikda ta'lim muassasalarida tozalash-dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda», – dedi u.

Dilshod Kenjayevga ko‘ra, bog‘cha yoki boshlang‘ich sinf yoshida bo‘lgan farzandlariga uyda qarab turishlari uchun lavozimidan qat'i nazar mehnat ta'tili beriladi, buning uchun ularga barcha sharoitlar yaratiladi.

Mavzuga oid