O‘zbekiston | 16:56 / 21.04.2020
17878
3 daqiqa o‘qiladi

Matbuot erkinligi indeksi: O‘zbekiston 156-o‘rinda

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti 2020 yil uchun jahon matbuoti erkinligi indeksini e'lon qildi. 180ta mamlakatni qamrab olgan reytingda O‘zbekiston 156-o‘rinda qayd etilgan.

Foto: KUN.UZ

Tahlilchilar O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bo‘yicha «vaziyat murakkab»ligini qayd etgan. Shu bilan birga, mamlakat 2019 yil bilan solishtirganda 4 pog‘onaga, 2017 yil bilan taqqoslaganda 13 pog‘onaga yuqorilashga erishgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» O‘zbekistonda hibsdagi jurnalistlar ozodlikka chiqarilgani, o‘nlab yillar davomida bloklangan saytlardan taqiq olingani, OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilgani, siyosiy kontentdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyalar yo‘lga qo‘yilgani, ba'zi jurnalistlar korrupsiya va majburiy mehnat kabi nozik mavzularni ham ko‘tarib chiqayotganini e'tirof etgan.

«Shunga qaramay, eng yuqori darajadagi hukumat vakillarini tanqid qilish hali shakllanmagan. Hokimiyatdagilar OAVga to‘siq bo‘luvchi ayrim qonunlarni isloh qilishga shoshilmayapti. Kuzatuvlar, tashqi va ichki senzura haligacha mavjud, OAV ustidan sezilarli nazorat saqlanib qolmoqda. Blogerlarga tahdid qilinmoqda, ular hibsga olinyapti.

O‘zbekiston xorijlik, shuningdek siyosiy vaj bilan mamlakatga kiritilmay kelgan jurnalistlarga o‘z eshiklarini qayta ochdi, ammo ba'zi xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya olishi oson bo‘lgani yo‘q.

Siyosiy plyuralizm va adolatni ta'minlamay turib, matbuot erkinligini to‘liq tiklash qiyin bo‘ladi. O‘zbekiston hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi lozim», deyiladi xalqaro tashkilot munosabatida.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 2013-2019 yillar davomida «Chegara bilmas muxbirlar»ning matbuot indeksida 160-169-pog‘onalar oralig‘ida qayd etib kelingan.

2020 yilda mamlakat ilk marta Qozog‘istonni ortda qoldirdi:

82. Qirg‘iziston
156. O‘zbekiston
157. Qozog‘iston
161. Tojikiston
179. Turkmaniston

Foto: "Chegara bilmas muxbirlar"

Indeksni bir necha yillardan beri Norvegiya boshqarib kelmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Finlyandiya, Daniya, Shvetsiya va Niderlandiya band qilgan.

AQSh 45-, Yaponiya 66-, Ukraina 96-, Rossiya 149-, Belarus 153-, Turkiya 154-, Xitoy 177-o‘rinda qayd etilgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» o‘z hisobotida pandemiya tufayli jahonda OAV erkinligiga putur yetishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Freedom House xalqaro nodavlat tashkiloti ham jahon mamlakatlaridagi erkinlikka oid yillik hisobotini e'lon qilgan, unda O‘zbekiston erkinlik darajasi eng quyi davlatlar qatorida ko‘rsatilgan edi.

Mavzuga oid