Jamiyat | 10:32 / 04.05.2020
35054
5 daqiqa o‘qiladi

San'atkorlar Sardoba suv ombori avariyasidan jabr ko‘rganlar uchun xayriya aksiyasi boshladi

Sirdaryo viloyatida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen ofat – Sardoba suv omboridagi avariya va uning oqibatlaridan jabr ko‘rganlar holatiga san'atkorlar ham befarq emas. 

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali san'atkorlarni xayriya tadbirlarida faol bo‘lishga chaqirgan edi. Kecha, 3 may kuni bir guruh faol san'atkorlar turli kiyim kechak, oziq-ovqat va boshqa turli mahsulotlarni xayriya qilish orqali saxovat tadbirini boshlab berishdi.

Toshkentdagi «Turkiston» san'at saroyi yonida boshlangan xayriya tadbiriga bir necha soat o‘tib poytaxtning yana ko‘plab aholisi qo‘shildi.

«Madaniyat sohasi vakillari ishtirokida yig‘ilgan xayriya mahsulotlarini Sirdaryo viloyati aholisiga yordam sifatida olib borishni niyat qilgan edik. Bizni xursand qilgani esa xayriya boshlanganidan bir kun o‘tar-o‘tmas unga san'atkorlarning muxlislari, saxovatli insonlarimiz ham qo‘shilishdi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali bu tadbirni eshitgan kishilar imkon darajasida, nima topsa olib kelishyapti», – deydi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbari Odilbek Abduqahhorov.

Xayriya tadbiri doirasida pul mablag‘lari uchun maxsus hisob raqam ham tashkil qilingan edi. Bu mablag‘lar qanday ko‘rinishda sarflanadi, mazmunidagi savolimizga muassasa rahbari quyidagicha javob berdi: «Bu masalani Madaniyat vaziri bilan maslahatlashib oldik. Unga ko‘ra, mablag‘ yig‘ilishiga qarab talafotdan jabr ko‘rgan mahallalardan biriga madaniyat markazi qurib berish niyatidamiz. Agar yig‘iladigan mablag‘ kutganimizdan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa, toshqindan uylari yiqilgan va uni tiklash imkoniyati bo‘lmagan aholi vakillariga uy-joylar ham qurib beriladi».

Taniqli so‘z ustasi, xayriya tadbiri faollaridan biri Shukrullo Isroilov oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ofatlarni butun xalq boshiga tushgan sinov, deb atadi.

«Buxoroda kuzatilgan va katta talafot keltirgan kuchli shamol, may oyi boshida Sirdaryodagi falokatlar bu sinov. «Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u» degan maqol bor. Har bir kun yorug‘ bo‘lavermaydi. Ammo bizning xalqimiz qiyinchiliklar oldida sabrli, bardoshli va saxovatli xalqki, faxrlansak arziydi.

Men nafaqat san'atkorlar, balki bu tadbirda qatnashayotgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman», – dedi u.

«Kuch — birlikda» iborasi mazmunini bugun tushundim», deydi xonanda Rashid Xoliqov.

Unga ko‘ra, o‘zbek xalqi vatandoshlari boshiga tushgan og‘ir kunlarda o‘z birligini ko‘rsatmoqda.

«Shaxsan o‘zim ham oilamiz nomidan qiynalayotgan aholi vakillariga bir yuk mashinasida turli mebel va javonlarni yuborishni niyat qildim. O‘ylaymanki, katta talafot ko‘rgan oilalarga yangi joylar berilganda bu mebellar ham asqotadi», – dedi xonanda.

Odatda turli xayriya tadbirlari va ijtimoiy aksiyalarda faol bo‘ladigan Jahongir Poziljonov bu safargi tadbirda ham ishtirok etmoqda.

«Otam mahallamizda kimning uyida hashar, to‘y yoki boshqa bir tadbir bo‘lsa o‘zi bilan birga bizni ham olib chiqardi. Bu xayriya tadbiri ham bir hashar.

Ayrimlar san'atkorga nisbatan «otarchi» iborasini ishlatadi, ularni maqtanchoqqa yo‘yishadi. Bugungi tadbir boshlangan paytda ham san'atkorlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali hashar haqida yurtdoshlarimizni ogohlantirishdi va to‘rt-besh soat o‘tib buning natijasi sezildi. Odamlar imkon darajasida turli mahsulotlar bilan xayriyaga qo‘shilishdi. San'atkorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini har doim ham maqtanchoqlik deb bo‘lmaydi. Bu aksiyada, xayriya hasharida faol bo‘lishga chorlov», – deydi xonanda.

«Biz san'atkorlar saxovat tadbiriga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan xursandmiz. Sirdaryoliklar uchun hammasi tezroq yaxshi bo‘lishidan umidvormiz, biz doim ular bilan birgamiz», — dedi xonanda Ziyoda.

Xayriya tadbiri borasida xonanda Dilso‘z ham o‘z fikrlarini bildirdi. «Sirdaryodagi yurtdoshlarimiz uchun qilinayotgan xayriyaga ozmi-ko‘pmi hissamizni qo‘shdik. Xayriyamiz juda katta emasdir, lekin qalban ular bilan doim birgamiz», dedi u.

Ma'lumot uchun, xayriya mahsulotlari bugun kun davomida ham yig‘iladi va mahsulotlar ortilgan karvon 5 may kuni Sirdaryo viloyatiga yo‘l oladi.

Mavzuga oid