O‘zbekiston | 08:23 / 13.05.2020
19514
3 daqiqa o‘qiladi

«Bilayn» karantinga olingan 91 nafar ishchisi bilan bog‘liq holatga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyati hokimligi viloyatda koronavirus tarqalishiga qarshi olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berib, «Bilayn» kompaniyasining 91 nafar ishchisi Yuqori Chirchiq karantin poligoniga joylashtirilganini ma'lum qilgandi.

«Bilayn» kompaniyasi hozirgi vaziyatga aniqlik kiritdi va holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Mamlakatda karantin choralari joriy etilishi bilan «Bilayn» xodimlarning xavfsizligini va kompaniyaning uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida xodimlarning maksimal sonini masofaviy ishlashga o‘tkazishni tashkil qildi.

Ammo, ayrim operatsion vazifalar mavjudligi bois, biz va jamoamizning bir qismi abonentlarimiz «Bilayn» xizmatidan foydalanishda davom eta olishlari va kompaniya mutaxassislari bilan doimo bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun shunday mushkul paytda ofisda bo‘lishimiz shart.

Afsuski, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, koronavirus bilan kasallanish xavfi hammada mavjud. Xodimlarimiz koronavirusga duch kelishi mumkinligi xatari paydo bo‘lishi bilan, kompaniya tegishli sanitariya va epidemiologiya xizmatlari bilan birgalikda ishchilarni ommaviy tarzda koronavirusdan test sinovi o‘tkazdi.

Xodimlar va ularning qarindoshlarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida, kompaniya Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatmalariga rioya qilgan holda, o‘z xodimlarini 14 kunlik karantinga joylashtirdi.

Vaziyat nazorat ostida, jamoamiz va ularning yaqinlari uchun qilinayotgan barcha ishlar ularning foydasi uchun qilinmoqda.

Xodimlarimizning hissasini qadrlaymiz va ularning sadoqatli va mas'uliyatli faoliyati uchun minnatdormiz! Biz ular bilan doimo aloqadamiz va ularga zarur yordamni taqdim etamiz. Odamlar kompaniyaning eng qimmatli resursi. Biz uchun xodimlarning salomatligi va xavfsizligi doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bo‘lib qoladi», - dedi kompaniya bosh direktori Sergey Afonin.

Bildirilishicha, kompaniya ofislarida barcha zarur va tavsiya etilgan ehtiyot choralari ko‘rilgan.

Mavzuga oid