O‘zbekiston | 20:31 / 13.05.2020
58083
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda koronavirus aniqlangan bemorlardan biri vafot etdi

Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon -tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. O‘zbekistonda ushbu kasallikdan vafot etganlar soni 11 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlardan biri vafot etgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Toyloqlik O‘. shu yilning 9 may kuni burnidan qon ketishi va umumiy ahvoli og‘irligi kuzatilganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19  infeksiyasi ham aniqlangan. 

Ushbu bemor (erkak) surunkali buyrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Unga ikkinchi guruh nogironlik ham belgilangan. Shu yilning 28 aprelidan 5 mayigacha u yuqorida keltirilgan tashxis bilan tibbiyot muassasasida davolangan, muntazam rejali dializ seanslarini olib kelgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi nufuzli mutaxassislar bilan birga xorijlik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan. Biroq mutaxassislarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq o‘n birinchi holatdir. Bungacha Namanganda 4, Toshkentda 5, Farg‘onada 1 o‘lim qayd etilgandi.

Qayd etish kerakki, so‘nggi vaqtlarda Samarqand viloyatida epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda. Ushbu viloyat koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq yangi holatlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Koronavirus infeksiyasi yuqtirib, hali tuzalmagan bemorlar soni bo‘yicha ham viloyat so‘nggi o‘rinlardan birida turibdi.

  • Viloyatda shu paytga qadar 204 holatda kasallik qayd etilgan, ulardan hozirgacha 103 nafar bemor butunlay ushbu infeksiyadan sog‘aygan, ayni paytda viloyatda 100 nafar bemor davolanmoqda.

Mavzuga oid