Jahon | 18:18 / 03.06.2020
15079
5 daqiqa o‘qiladi

«Hayotingizda yangilik qilishdan qo‘rqmang» - Bill Geyts, Tim Kuk va Stiven Spilbergning bitiruvchilarga murojaati

AQShda mavjud an'anaga ko‘ra, har yili ta'lim muassasalari bitiruvchilariga taniqli shaxslar ezgu tilaklar bildirishadi, katta hayotga qadam qo‘yishgani bilan tabriklashadi.

Joriy yilda an'ana boshqacha tus oldi – mashhurlar o‘quv muassasasini uyda virtual tarzda bitirayotgan 2020 yil bitiruvchilarini tabriklash qatorida, hozirgi qiyinchiliklar davridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga chaqirishdi.

Bill Geyts, Microsoft asoschisi:

Foto: Justin Sullivan / Getty Images

– Hozirgi pandemiya, inqiroz ko‘pchiligingizda epidemiologiya yoki sog‘liqni saqlash sohasidan borish fikrini uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas. Bu ajoyib, ammo bu dunyo taraqqiyoti uchun hissa qo‘shishning yagona usuli emas. Yaqin orada siyosatchilar inqirozdan qanday chiqib ketish, uning qaytalanishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq qator qarorlarni qabul qilishlari kerak bo‘ladi. Ovozingizni yo‘qotmang, ertangi kun har yerda hamma uchun yaxshiroq va porloq bo‘lishi uchun ovoz bering.

Unutmang, karera yo‘li butun umr uchun bitta bo‘lishi shart emas. 20 yoshlarimda har doim dasturiy ta'minot sohasida ishlab qolaveraman, deb o‘ylardim. Qachondir xayriya yoki global sog‘liqni saqlash tizimida ishlashim haqida o‘ylamaganman. Microsoft’ni tashlab, butun faoliyatimni hozirgi ishlarimga bag‘ishlash xayolimga ham kelmagan.

Ulg‘aygan sari qiziqishlar va ko‘nikmalar ham o‘zgarib boradi. Har doim o‘zgarishlar uchun ochiq bo‘lishingizni maslahat bergan bo‘lardim. Yangiliklardan qo‘rqmang.

Tim Kuk, Apple bosh direktori:

Foto: Josh Brasted / Getty Images

– 1998 yilda Apple’ga kelganimda omadim chopganiga ishongim kelmasdi. Butun faoliyatim davomida Stiv Jobs bilan yelkama-yelka ishlayman deb o‘ylardim. Ammo o‘zgarishlar kutilmaganda sodir bo‘ladi. Stivni yo‘qotganimizda men his qilgan yolg‘izlik hissi – biz boshqalarning hayotiga ko‘rsatadigan ta'sirdan ko‘ra kuchliroq va abadiyroq narsa yo‘qligining isboti edi.

Bunday paytda ortga qarab qiyinchiliklarni eslashga kuch topadiganlar – baxtli insonlardir. Aksariyat haqiqiy sinovlar va qo‘rquv nimaligini anglab yetadi, ba'zilar esa buni unutishga harakat qilishadi. Suyukli insonlarimiz, do‘stlarimizdan tasalli izlaymiz, ammo ta'siri sizning hayotingizda bilvosita esa-da katta bo‘lgan insonlar haqida ham o‘ylab ko‘ring.

Atrofdagilar ayblaydigan va turtkilaydigan, ammo o‘z oilasini va sizning oilangizni boqish uchun mehnat qilayotgan, taniqli bo‘lmagan ota haqida o‘ylang. Biz tongda kelib xarid qilishimiz uchun kechasi bilan oziq-ovqat do‘koni peshtaxtalariga mahsulotlarni terib chiqadigan yolg‘iz onani o‘ylang. Ularning mehnatisiz ko‘p narsa imkonsiz bo‘lib qolardi. Tizzalab o‘tirib palatalar polini yuvayotgan shifoxona xizmatchisi haqida fikrlang – uning mehnati ibodatxonani yorituvchi xodimniki singari qiymatli va mukarram.

O‘ylab ko‘ring, sifatli ta'lim olgandan so‘ng atrofni o‘zgartirish uchun qanday harakat qila olasiz? Bugun chin ma'nodagi muhim masalalar kun tartibiga chiqa boshladi – yaqinlarning salomatligi va farovon hayoti, jamiyatdagi barqarorlik, shifokordan tortib chiqindi to‘plovchiga qadar insonlarga xizmat qilish uchun hayotini tikkanlarning yo‘qotishlari...

Stiven Spilberg, kinorejissyor:

Foto: Paul Marotta / Getty Images

– Orzular har doim katta sinovlar demakdir. Chunki orzular qat'iyatingizni sinovdan o‘tkazadi. Ba'zi orzular xayolligicha qolib ketaverishini tushunib yetasiz. Orzular kishini junbushga keltiradigan, ammo tezgina soviydigan chizgilar ekanligini anglaysiz. Har doim siz bilan bo‘ladigan emas, balki o‘zingiz qo‘yib yuborishni istamaydigan orzu haqiqiydir. Haqiqiy orzu odamlar va muhit qarshingizga qo‘yadigan har qanday to‘siqni yengib o‘tish uchun kuch beradi.

O‘zimizni orzular bilan emas, orzularni o‘zimiz bilan to‘ldirishimiz kerak. Bu irodali bo‘lishga, qo‘rquvni yengishga, hech qanday to‘siqqa qaramay oldinga harakatlanishga imkon beradi.

Avvalroq AQShning 44-prezidenti Barak Obama, kinoaktyor Arnold Shvarsennegr, huquq himoyachisi Malala Yusufzay kabi taniqli shaxslar ham 2020 yil bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlab chiqishgan edi.

Mavzuga oid