O‘zbekiston | 19:15 / 12.06.2020
31017
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq shahri «qizil» hududga aylandi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahri 11 iyundan boshlab «yuqori xavfli hudud» sifatida toifalandi va «qizil» hududga aylandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.

«Chirchiq shahri «qizil» hudud toifasiga kirishi munosabati bilan, barcha blokpostlardagi nazorat kuchaytirilgan holda ish olib borilishi ko‘zda tutilgan. Avtotransport vositalarini qatnovi ertalab 7:00dan 10:00ga qadar hamda 17:00dan 20:00ga qadar amalga oshiriladi. Karantin qoidalariga to‘liq rioya qiling!», deyiladi hokimlik xabarida.

Toshkent viloyati hokimligi ham viloyatda turli ranglarga toifalangan hududlarda o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar bergan. Unga ko‘ra, yana ikki hudud - Chirchiq shahri va Bekobod tumani «qizil» hududlar qatoriga kiritilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahri (To‘ytepa) «sariq»dan «yashil»ga o‘tishi rejalashtirilgan.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqqan holda viloyatning tegishli mutasaddilari tomonidan hududlardagi ahvol quyidagicha baholanmoqda:

  • «Qizil» hudud: Chirchiq shahri, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Zangiota, Qibray, Parkent, Piskent, Chinoz, Yangiyo‘l, Toshkent tumanlari.
  • «Sariq» hudud: Angren, Yangiyo‘l shaharlari, Bo‘stonliq, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari.
  • «Yashil» hudud: Nurafshon, Olmaliq, Ohangaron shahri, Ohangaron tumani, Bo‘ka, Quyi Chirchiq tumanlari.

Mazkur o‘zgarishlar Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan amalga oshirilishi eslatib o‘tilgan.

Chirchiq shahri va Bekobod tumani 6 iyun holatiga ko‘ra, «sariq» hududlar qatoriga kiritilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kuni Bekobod tumanida aholi orasida kasallanish holati aniqlangandi.

Mavzuga oid