«Andijonda yuz bergan voqea huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligini ko‘rsatdi» - «Yuksalish»
«Yuksalish» umummilliy harakati Andijonda ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan hibsga olinib, qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgan fuqaro bilan bog‘liq hodisa yuzasidan bayonot berdi.
“Kuni kecha andijonlik fuqaro shahar ichki ishlar bo‘limining ma'muriy binosiga olib kirilganidan ikki hafta o‘tgach, kasalxonada vafot etdi. Jabrlanuvchiga nisbatan jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan inson sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘ravonlik qo‘llanilgan hamda hibsda noqonuniy ushlab turilgan.
Uch nafar xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki shaxs erkinligini cheklash) va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchilar hibsga olingan”, - deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, 2020 yil boshidan buyon bu ichki ishlar organlarida mahbuslarga nisbatan qo‘llanilgan qiynoq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. Shu yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Chiroqchi tuman bo‘limida kaltaklanish natijasida 32 yoshli erkak vafot etdi. Ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Chiroqchi tuman ichki ishlar bo‘limining ikki xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqdi.
Garchi 2018 yil iyul oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on IIBda sodir etilgan voqeadan so‘ng (tezkor xodim tomonidan ayol kishini ommaviy tahqirlanishi) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bu kabi noxush hodisalarni aniqlash va oldini olish, shuningdek, Ichki ishlar organlari safini «nopok va tasodifiy» xodimlardan tozalashga qaratilgan qat'iy choralar ko‘rilishini ma'lum qilgan edi, deyiladi bayonotda.
Ta'kidlanishicha, bu holatlar ko‘p jihatdan o‘tgan yilning dekabr oyida inson huquqlari, shu jumladan O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha o‘z xulosalarni e'lon qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining ham xavotirlanishini tasdiqlaydi. O‘zbekiston 160 dan ortiq davlatlar qatorida BMTning Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazoga qarshi Konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanadi. 2019 yil 28 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston bo‘yicha yakuniy kuzatuvlar konvensiyani amal qilinishining ham ijobiy tomonlarini, ham asosiy muammolarini tavsiflaydi.
“Qo‘mita tomonidan bir qator hujjatlarning qabul qilinishi va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, jumladan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi”gi qonunlar, “Jasliq” koloniyasining yopilishi, BMTning din yoki e'tiqod erkinligi hamda sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachilarning respublikamizga tashriflari yuqori baholandi.
Shu bilan birga, qo‘mita huquqni muhofaza qilish, tergov va jazoni ijro etish organlarining tashabbusi va roziligi bilan jinoiy jarayonda foydalanish uchun aybni tan oldirish yoki ma'lumot olishda qo‘llanilgan qiynoq va g‘ayriinsoniy muomalada bo‘lish holatlari to‘g‘risidagi xabarlardan qattiq xavotirda ekanligini bildirdi.
Qo‘mita prokuraturaga kelib tushgan qiynoqqa oid shikoyatlar 2017 yilga nisbatan 2018 yilda 10 baravar ortganiga qaramay, qiynoqqa solganlik uchun amaldorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishlar soni mutanosib ravishda ortmaganligidan xavotirda.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq ichki ishlar organlari o‘z vazifalarini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash orqali amalga oshirishlari belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, qonunda ichki ishlar organi xodimiga qiynoqqa solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish taqiqlanishi, ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma'naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, 2018 yil 4 aprel kuni Prezident tomonidan sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni imzolangan edi. Ushbu hujjatning eng muhim o‘zgarishlaridan biri bo‘lib huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalada bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarining kuchaytirilganligi bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 apreldan boshlab shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etilishi belgilangan edi. Yana shu kundan boshlab huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so‘ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a'zolaridan birini, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyati yuklanishi belgilangan edi.
Shu ma'noda tegishli idoralar tomonidan qonunchilikning amaliyotda to‘g‘ri va o‘z vaqtida ijro etilishi o‘ta dolzarb hisoblanadi. Xususan, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, prokuratura idoralari jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi idoralarning qonunlarni ijro etishlarini nazorat qiladi, shuningdek, ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta'sir choralarini ijro etish vaqtida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshiradi.
Shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov izolyatorlari hamda jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash muhim ahamiyatga ega. Umuman, barcha ichki ishlar idoralarida tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari orqali olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Andijonda yuz bergan voqea shuni ko‘rsatadiki, sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligi, aksincha huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini ta'minlashga, shu jumladan, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va eng asosiysi, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashga alohida urg‘u berish kerakligini taqozo etadi”, - deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati bayonotida.
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024