Deputat: «IIV rahbariyati marhum yigitning oilasidan loaqal bir og‘iz kechirim so‘rab qo‘ysa yaxshi bo‘lardi»
Andijonda fuqaro Alijon Abdukarimov ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganidan so‘ng vafot etgani haqidagi xabar jamoatchilik orasida jiddiy norozilikka sabab bo‘lmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qodir Jo‘rayev va Rasul Kusherbayevlar ushbu vaziyat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Qodir Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, Andijonda ichki ishlar organlari bilan bog‘liq yuz bergan mudhish holat takrorlanmasligi uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishning o‘zigina kifoya qilmaydi.
“Jazolash bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ozgina vaqtdan so‘ng shu kabi vahshiylik boshqa joyda yana sodir etilmasligiga kafolat yo‘q. Shu bois, ichki ishlar organlarida tizimli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilishi zarur. Ishni xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishdan, ularning sonini optimizatsiya qilishdan boshlash maqsadga muvofiq.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati marhum yigitning oilasidan loaqal bir og‘iz kechirim so‘rab qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi”, - deydi Q. Jo‘rayev.
O‘z navbatida, Rasul Kusherbayevning bildirishicha, har bir tizimdagi kamchilik yoki yutuq bevosita ushbu sohaga rahbarlik qilayotgan shaxslarning qobiliyati, xalqqa sadoqat, inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida ishni tashkil qila olishiga bog‘liq.
“Afsuski jamoatchilikka ma'lum bo‘lib qolayotgan so‘nggi voqealar (aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin) ichki ishlar tizimiga rahbarlik qilib kelayotgan shaxslarning faoliyatiga bo‘lgan yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo bo‘lib o‘tgan holatlar ularning iste'fo vaqti yetib kelganini ko‘rsatyapti.
Hurmatli vazirimiz xalq oldida tizimning obro‘si tushishi, odamlarning e'tirozlari, xodimlarning bosar-tusarini bilmay IIBda qiynoq, o‘ldirish kabi ishlarni “tabiiy holga aylanib” borishida eng minimal darajada bo‘lsin aybdor. Va biz bu kabi ishlarni ularning rahbarlik davrida ko‘proq eshityapmiz.
Hozir eng muhimi tizimni fuqaro bilan inson sifatida munosabat qila oladigan darajada isloh qilishga tayyor, Prezident tashabbusi bilan inson huquqlarini ta'minlash borasida qilinayotgan ishlarni yuqori darajaga olib chiqishga qodir kadrlar bilan to‘ldirish va ortiqcha yuklardan xalos etish zarur.
Bizga xalq bergan vakolat, Prezident bildirgan ishonchni inson huquqlarini buzish emas, ta'minlash yo‘lida ishlatib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qiladigan “tili va ishi bir” qonun himoyachilari kerak”, - deydi u.
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024