Iqtisodiyot | 22:11 / 16.06.2020
24864
5 daqiqa o‘qiladi

«Rejalar o‘zgarib ketdi» – Timur Ishmetov tashqi qarz dinamikasi faollashganiga izoh berdi

Moliya vaziri Timur Ishmetov «Munozara klubi»ning ilk yig‘ilishida O‘zbekistonda joriy yilda tashqi qarz olish dinamikasi birmuncha faollashgani, ichki zaxiralar bo‘la turib, birinchi navbatda tashqi qarzga murojaat etishdan maqsad va rejalar qanday bo‘lgani haqidagi savolga javob berdi.

«O‘tgan yil oxirida, yil boshida budjetni tasdiqlayotganda rejalarimiz umuman boshqacha bo‘lgan. Bu yil fevral oyi oxiri, mart oyi boshida bo‘lgan o‘zgarishlarni hech kim prognoz qilmagan.

Xalqaro bozorlarda neft narxi o‘zgarishi rejalarni o‘zgartira boshladi. Keyin pandemiya sharoitida bizning davlatda ham e'lon qilingan karantin barcha rejalarni keskin ravishda o‘zgartirib yubordi.

Budjetimiz o‘tgan yil oxirida 2020 yilga defitsit bilan tasdiqlangan. Defitsitni qoplashga albatta tashqi qarzdan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, bir qismini xalqaro moliyaviy tashkilotlardan, bir qismini xalqaro kapital bozorlariga chiqib, yevrobondlarni joylashtirish orqali qoplash rejalashtirilgan.

Yevrobondni joylashtirishni bahorga rejalashtirgandik. Avval yevrobondlarni joylashtirib, qo‘shimcha pul jalb qilishni mo‘ljallagandik. Xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qarz olish esa aksincha yilning oxiriga rejalashtirilgandi.

Lekin butun dunyoda ro‘y bergan voqea xalqaro moliyaviy bozorlarga ham ta'sir qildi. Hozir 2-3 oy o‘tganidan keyin moliyaviy bozorlar sal tinchlandi. Mavhumlik yo‘qoldi. Lekin fevral va mart oylarida shu darajada mavhumlik bo‘lganki, hatto xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham bu inqiroz qanchalik chuqur bo‘lishi, qancha davom etishi bo‘yicha aniq prognoz bera olmagan. Aniq prognozlar bo‘lmagani xalqaro kapital bozorlariga ham o‘z ta'siri ko‘rsatgan, ma'lum bir davrga rivojlanayotgan davlatlarga xalqaro kapital bozori deyarli yopildi deb aytsak ham bo‘ladi. Chunki hamma investorlar o‘z resurslarini rivojlanayotgan davlatlardan olib chiqib ketib, boshqa aktivlarga investitsiya qilishni boshladi», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U sharoitdan kelib chiqib, rejalar o‘zgargani haqida gapirdi.

«Ana shu paytda biz rejalarni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Birinchisi, yevrobond orqali qarz jalb qilishni bozor sharoitiga qarab yilning keyingi davriga qoldirish. Birlamchi davrda esa boshqa instrumentlarni ko‘rish. Ikkinchi o‘zgarish – bunday sharoitda ikkinchi chorak uchun budjetdagi tushumlar, xarajatlarimiz ham keskin o‘zgardi. Ya'ni bunday inqiroz daromadlarimizga ta'sir qilib, daromad rejalarimiz pasaytirish tomonga o‘zgartirilgan bo‘lsa, xarajatlarni esa aksincha oshirishga majbur bo‘lganmiz. Hammangizga ma'lum, aynan karantin davrida sog‘liqni saqlash sohasiga ko‘proq pul sarflashga qaror qilingan», dedi vazir.

Pandemiya sharoitida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘laridan foydalanilanilmagani, buning o‘rniga qarz olingani sababi haqida aytildi.

«Bu paytda xarajatlarni moliyalashtirish uchun qarz olishmi yoki zaxirani ishlatish kerakmi degan savolga keladigan bo‘lsak, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining o‘ziga xos funksiyasi bor, u asosan uzoq muddatli yirik investitsion, infratuzilma loyihalariga pul tikish va davlat puli bilan birga o‘sha loyihalarga chet eldan qo‘shimcha investitsiya jalb qilish instrumenti sifatida foydalanilgan. Ya'ni bu jamg‘armadan budjetni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirishga tezkor, aniq mexanizm yo‘q desak bo‘ladi. Taktik jihatdan ham o‘ylangan, o‘sha vaqt mavhumlik shu darajada bo‘lganki, inqiroz qancha davom etadi, qanchalik chuqur bo‘ladi, kuzda haqiqatan ham kapital bozorlari ochiq bo‘ladimi yo‘qmi degan savol tug‘ilganida biz albatta birinchi navbatda imkoniyatdan foydalangan holda defitsitda imtiyozli, uzoq muddatli arzon resurslardan foydalanishni afzal deb bildik. Negaki Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘larini ishlatish qarzning oshishi, reytingga ta'sir ko‘rsatishi kabi e'tirozlarga olib kelardi. Jamg‘arma rezervlarining ishlatilishi umumiy fiskal balans defitsiti kengayishiga olib keladi, ya'ni tashqi qarz hisobiga oshmagan holda ham umumiy budjet defitsiti oshishi hisobiga reyting agentliklarimizni xavotirga soladigan [ko‘rsatkichlarga] olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun bizning fikrimizcha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘larini boshqa maqsadlar va keyingi davrlarda ishlatilishi samaraliroq deb hisoblaganmiz», dedi Timur Ishmetov.

Mavzuga oid