O‘zbekiston | 19:56 / 12.07.2020
34050
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu – millat masalasi, birgina vazirlik darajasida qaror chiqarish kerak emas» - Alisher Qodirov maktablarda ona tili soatlari qisqarishi haqida

«Maktablarda ona tili 2 soat, rus tili 2 soat va ingliz tili 3 soat o‘qitilishi – xalqimizga hurmatsizlikdir», – deb bayonot berdi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov.

Ta'lim tizimida o‘qitiladigan fanlarni optimizatsiya qilish rejasiga muvofiq, OTMlardagi o‘quv dasturlarida tarix fani, umumiy o‘rta ta'lim maktablarida esa ona tili fani soatlari qisqartirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov bunga munosabat bildirar ekan, OTMlarda tarix soatlarini qisqartirilishini qo‘llab-quvvatlashi, ammo maktablarda ona tili darslari kamayishiga qarshi ekanini aytdi.

«Oliy ta'limda tarix fanining qisqartirilishi masalasida. OTMga tarbiyalab bo‘lingan inson biron sohaning mutaxassisi bo‘lish uchun keladi. U injyener, vrach, arxitektor yoki pedagog bo‘lish uchun o‘qish maqsadida OTMni tanlaydi. Bu jarayonda u o‘zi tanlagan sohani puxta o‘rganish bilan shug‘ullanishi kerak. Afsus, biz bu bosqichda ham uni tarbiyalashda davom etamiz.

Uni vatanparvar, ma'naviyatli va intizomli inson sifatida shakllantirish vazifasini bajara olmagan maktablarning chala ishini davom ettirish uchun, talabaning mutaxassisligiga aloqasi bo‘lmagan, keraksiz fanlar bilan vaqtini olamiz. Menimcha, bu noto‘g‘ri.

Oliy ta'limda talabalar butun vaqtini sohasini o‘rganishga sarflashi kerak. Oliy ta'lim diplomi qo‘lida bo‘lgan inson o‘z sohasining mutaxassisi sifatida tayyor bo‘lishi kerak. Afsus, hozir bu masalada yetarlicha muammolar bor.

OTMlarimizni bir-ikkita qobiliyatlilarini hisobga olmaganda til bilmaydigan tarjimonlar, xuquqni tushunmaydigan xuquqshunoslar, tarbiyani tushunmaydigan pedagoglar va millatini tushunmaydigan elchilar bitirib chiqayotganini ko‘rib turibmiz.

Lekin umumta'lim maktablarida ona tili fanini qisqartirilishi jiddiy xato. Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov to‘g‘ri aytdi, biz bugun maktablarni ona tilida yozish va so‘zlashni bilmaydigan bolalar bitirayotganini ko‘ryapmiz.

Maktabda inson nafaqat ta'lim oladi, balki tarbiyalanadi ham.

Birinchi sinfdan boshlab so‘nggi sinfgacha bola bilimli bo‘lishdan tashqari vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiladigan, o‘zligidan faxrlanadigan, millatidan g‘ururlanadigan inson bo‘lishiga ham erishish kerak.

Maktabidan ustuvorlik boshqa tillarga berilganini ko‘rgan bola qanday qilib o‘z ona tilini hurmat qiladi? Milliy g‘urur va milliy qadriyatlarga hurmat ko‘nikmalarini singdirilishida ona tilining ahamiyati juda muhim.

Maktablarda ona tili 2 soat, rus tili 2 soat va ingliz tili 3 soat o‘qitilishi – xalqimizga hurmatsizlikdir. To‘g‘ri, xorijiy tillarni bilish yoshlarimizni dunyoga tezroq ochilishiga yordam beradi. Lekin bizga o‘z millatini tushunmaydigan, uning tashvishlarini anglamaydigan olim nimaga kerak?

Bilimli lekin o‘z xalqining dard-u tashvishlarini tushunmaydigan odam dunyo korporatsiyalariga xizmat qilishi mumkin, aslo O‘zbekiston va o‘zbek xalqiga xizmat qilmaydi. Maktablarimiz xorijiy tillarni biladigan gasterbayterlarni emas, tarbiyalangan, millatparvar, bilimga intilish yo‘lida xorijiy tillarni ham biladigan fuqarolarni shakllantirishi kerak», – dedi Alisher Qodirov biz bilan suhbatda.

— Partiya bu borada qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirishi, qandaydir ta'sir choralarini qo‘llashi mumkinmi?

— Bu masalada biz qarab turmoqchi emasmiz. Zarur bo‘lsa, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz hukumatning ushbu masaladagi eshituvini tashabbus qiladi.

Millatni qaram qilmoqchi bo‘lsang, uning ta'lim-tarbiyasini izdan chiqar, deb tarixda buyuklar bekorga xulosa qilishmagan. Ta'lim-tarbiya masalasi bu – millat masalasi, birgina vazirlikning darajasida qaror qabul qilinishi kerak emas.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid