Jahon | 15:16 / 26.07.2020
43947
4 daqiqa o‘qiladi

Ayo Sofiya: Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaymoqda

So‘nggi kunlarda Turkiya hamda Ayo Sofiyaning ibodatga ochilishiga qarshi keskin munosabat bildirgan Gretsiya o‘rtasidagi ziddiyat tobora kuchayib bormoqda.

Foto: Getty Images

Ayo Sofiyada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida juma namozi o‘qilayotgan paytda Gretsiyadagi ko‘plab cherkovlarda motam qo‘ng‘iroqlari yangradi, ba'zi cherkovlarda esa bayroqlar yarmiga qadar pastga tushirildi.

Salonikida turk bayroqlari yoqildi.

Ushbu mamlakat bosh vaziri Kiryakos Mikotakis juma kuni Turkiyani «muammo yaratuvchi» deb atadi. «Bugun Istanbulda ko‘rsatilgan narsa kuch-qudrat emas, balki zaiflik belgisidir», deya ta'kidladi u.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hami Aksoy Yunonistonning shanba kuni qilgan reaksiyasiga javob qaytardi. «Yunoniston Ayo Sofiyaning ibodatga ochilishiga munosabat bildirish bahonasida islom dini va Turkiyaga bo‘lgan nafratini yana bir bor namoyish qildi. Yunoniston hukumati va parlament a'zolarining jamoatchilikni dushmanona bayonotlar bilan qo‘zg‘atayotganini va shonli bayrog‘imizni Salonikida ommaviy ravishda yoqib yuborilganini keskin qoralaymiz», dedi u.

Aksoy Gretsiyani «Yevropaning beadab bolalari» deb ta'rifladi. «Tarixdan saboq chiqarmagan bu irqchi rahbarlar bayrog‘imizga Egeyda hurmatsizlik qilganlarning ahvoli ne kechganii yaxshilab bir esga olishlari kerak. Gretsiya 567 yildan buyon uyg‘onmagan Vizantiya tushidan uyg‘onishi va buning zahmidan xalos bo‘lishi darkor», dedi u.

Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi bunga yozma bayonot bilan javob berdi. «XXI asrning xalqaro hamjamiyati bugun Turkiyadagi dindor va fanatik millatchilarning bema'ni gaplarini hayrat bilan kuzatmoqda», deyiladi bayonotda.

Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi O‘mer Chelik ham jim turmadi. «Yunon fashistlarini qo‘llab-quvvatlagan siyosatchilarni qoralaymiz. Bayrog‘imizni yoqib yuborgan fashistlar kecha Ayo Sofiya masjidida bayrog‘imiz ostida birlashgan millatimizning nima demoqchi bo‘lganini yaxshi anglashlari lozim», dedi u tvitterdagi sahifasida.

Erdo‘g‘an: Ayo Sofiya o‘z asliga qaytdi

24 iyul kuni Ayo Sofiya Turkiya Vazirlar Kengashining muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingandan so‘ng musulmonlar ibodati uchun ochildi.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan juma namozida prezedent Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. U Ayo Sofiyadan chiqqach, Fotih Sulton Mehmet qabrini ziyorat qildi. Tashrifi davomida qilgan nutqida esa «Endi bu joy o‘z asliga qaytdi», dedi.

Avvalboshda cherkov bo‘lgan ushbu bino 1453 yilda masjidga, 1934 yilda esa muzeyga aylantirilgan.

«Biz janob Bahcheli (Turkiya Millatchi harakat partiyasi (MHP) rahbari va sobiq bosh vazir o‘rinbosari – tahr.) bilan respublikaning prezidenti sifatida 86 yillik jarayonni o‘z kuchimiz va sud hokimiyatining haqiqati bilan yakunladik. Endilikda bu joy asl holatiga qaytdi. Bu masjid edi, yana masjidga aylandi. Masjid sifatida barcha imonlilarga xizmat qilishda davom etadi, butun insoniyatning madaniy meros sifatida turli dinlarga mansub odamlar tashrif buyuradigan joyga aylanadi», dedi Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid