Jahon | 16:24 / 15.12.2024
8954
3 daqiqa o‘qiladi

Damashq va Halab Turkiyaniki bo‘lishi mumkin edi – Erdo‘g‘an 

Agar Birinchi jahon urushini tugatish shartlari boshqacha bo‘lganida, Suriyaning Halab, Idlib, Hama, Damashq va Raqqa shaharlari Turkiya viloyatlari bo‘lishi mumkin edi, dedi Turkiya prezidenti.

Foto: Turkiya prezidenti sayti

 Suriyaning Halab, Idlib, Hama, Damashq va Raqqa shaharlari, agar tinchlik sharoitlari boshqacha bo‘lganida, Birinchi jahon urushidan keyin Turkiya tarkibidagi xuddi shu nomdagi viloyatlarning markazlariga aylanishi mumkin edi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zining «Adolat va taraqqiyot partiyasi» qurultoyida aytib o‘tdi.

«Agar Birinchi jahon urushi mintaqamiz chegaralarini qayta belgilaganida, sharoitlar boshqacha bo‘lganida nima bo‘lar edi? Katta ehtimol bilan biz Halab, Idlib, Hama, Damashq, Raqqa deb ataydigan shaharlar xuddi Antep, Hatay, Urfa kabi bizning viloyatlarimiz bo‘lardi», dedi u.

Bu yerlar xorij hukmronligiga o‘tgandan keyin ham Turkiya bu shaharlar aholisi bilan aloqalarini butunlay uzmoqchi emas edi, dedi Erdo‘g‘an.

Bu bayonotdan keyin rus nashrlarida uning so‘zlari noto‘g‘ri talqin etilib, u go‘yoki Suriya hududlarini bosib olish va Birinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi chegarani qayta ko‘rib chiqish niyatini bildirgani haqida xabar tarqatildi. Turkiya prezidenti devoni e’lon qilgan stenogrammada esa bunday gaplar yo‘q.

Keyinchalik Anqaradagi diplomatik manba Turkiya rahbariyatida bunday rejalar mavjudligini rad etdi.

«Janob prezident Birinchi jahon urushidan keyin chegaralarning qayta ko‘rib chiqilishi Turkiya bilan Suriya mintaqalarida yashovchi xalqlar o‘rtasida uzilish degani emas, ular qardosh xalq ekanini aytdi», dedi RIA Novosti manbasi.

Ma’lumot uchun, Suriyaning Halab, Idlib va ​​Raqqa shaharlari Turkiya chegarasiga yaqin, Hama va Damashq esa mamlakatning ichki qismida joylashgan. Turkiyaning G‘oziantep (sobiq Antep), Shonliurfa (sobiq Urfa) va Hatay shaharlari o‘z navbatida Suriya chegarasiga yaqin joylashgan.

1914-1918 yillardagi Birinchi jahon urushidan keyin Usmoniylar imperiyasi quladi va uning hududlari parchalanib, Turkiya respublikasi tuzildi. Mamlakat Germaniya imperiyasi, Avstriya-Vengriya va Bolgariyani o‘z ichiga olgan To‘rtlik ittifoqining bir qismi sifatida mojaroga kirgandi. Ushbu birlashma urushda mag‘lubiyatga uchradi.

Birinchi jahon urushi arafasida zamonaviy Suriya hududi Usmonli imperiyasining uchta viloyati – Bayrut, Halab va Damashqning bir qismi edi. Imperiya parchalanganidan so‘ng, Suriya qisqa muddat mustaqil bo‘ldi – 1920 yilda markazi Damashqda bo‘lgan Suriya arab qirolligi tuzildi. Keyinchalik mintaqa Fransiya tomonidan bosib olindi. 1926 yilda mandat hududi Livan va Suriyaga bo‘lindi. Fransiya 1941 yil 27 sentabrda Suriyaga mustaqillik berdi, ammo o‘z qo‘shinlarini 1946 yilda olib chiqdi.

Mavzuga oid