O‘zbekiston | 15:44 / 28.07.2020
15145
3 daqiqa o‘qiladi

Habibulla Oqilov nega e'tiroz bildirilayotgan dori hamon qabul qilinayotganiga izoh berdi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Habibullo Oqilov AOKAda o‘tkazilgan brifingda jiddiy e'tirozlarga qaramay, O‘zbekistondagi poliklinikalarda «Plakvenil» dorisi tavsiya qilinishi davom etayotgani yuzasidan izoh berdi.

«Dori vositasi borki, uning atrofida gap-so‘zlar bo‘ladi. Hozirgi kunda koronavirusga qarshi qo‘llanayotgan dorilarning barchasi atrofida turli gap-so‘zlar mavjud. Koronavirusni davolashda O‘zbekistonning o‘z tajribasi bor. 12 mingga yaqin koronavirus bemorlarini aynan shu dori vositasi yordamida tuzatib oldik. Tizimli ravishda chet ellik hamkasblarimiz bilan ham tajriba almashib turibmiz. AQSh, Braziliya va Hindiston davlatlarida davo protokollarida «Plakvenil» saqlanib turibdi.

O‘tgan haftada O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir guruh turkiyalik mutaxassislar o‘zlarida ambulator sharoitda ham, statsionar sharoitida ham «Plakvenil» davolash standartlarida borligini qayd etishdi.

Shuningdek, yaqinda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va Sechenov nomidagi universitet mutaxassislari bilan o‘tkazilgan videokonferensiyada rus olimlari koronavirusning dastlabki kunlarida qisqa kurs bilan «Plakvenil» berish maqsadga muvofiqligini aytishdi», deya Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan aksariyat davlatlar «Plakvenil»ni koronavirusdan davolashda foydalanishni to‘xtatgan.

Avvalroq preparat O‘zbekistonda ham davolash protokolidan chiqarilgan bo‘lsa-da, uni muayyan shaxslar protokolga qaytarishga urinayotgani ma'lum qilingan edi. Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorova ushbu preparatning Covid-19 terapiyasida qo‘llanishi zararidan ogohlantirgach, «jim yurishi»ni talab qilib noma'lum shaxsdan tahdidli qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgandi.

Mavzuga oid