Katta o‘yin: Gretsiya va Turkiya O‘rta yer dengizida nega bahslashmoqda va ularning ortida kimlar turibdi?
Krit orolidagi dam olish maskanlari qarshisida harbiy kemalar saf tortdi. Gretsiya va Turkiya sayyohlik mavsumi avj olgan kezda O‘rta yer dengizida gaz qazib olish uchun o‘zaro bahsga kirishdi. Ikki qo‘shni davlat bahsiga boshqalar ham aralashdi.
Tahlilchilarning bildirishicha, O‘rta yer dengizida keskinlik oshib borayotganiga so‘nggi yillarda mazkur mintaqada AQSh o‘z ta'sirini kamaytirib boryotgani sabab bo‘lyapti.
Turklar va greklar nega bahslashmoqda? Ularning ittifoqchilari nimaga erishmoqchi? Sodir bo‘layotgan bahslarga siyosiy islom va arab monarxiyalarining qanday aloqasi bor? O‘rta yer dengizida yangi o‘yinchilarning paydo bo‘lishi qanday xavflarni tug‘diradi? Quyida shular haqida.
BBC rus xizmati Gretsiya, Turkiya, Isroil va Buyuk Britaniya mutaxassislardan O‘rta yer dengizi tegrasida sodir bo‘layotgan hodisalar yuzasidan izoh oldi.
Odatda, avgust oyida Egey va Ionika dengizlarining dam olish maskanlari millionlab sayyohlar bilan to‘lib ketadi. Ammo bu yil ushbu hudud, turli gazetalarning bosh sahifasida Fransiya, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarining harbiy kemalari va qiruvchi samolyotlarining tashrifi haqidagi xabarlar bilan ko‘proq yodda qolyapti. Bu yerda NATOning ikki a'zosi – Gretsiya va Turkiya o‘rtasida O‘rta yer dengizidagi gaz konlarni o‘zlashtirish da'vosi ortidan sodir bo‘layotgan bahslar fonida greklar o‘z ittifoqchilari bilan harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazishdi.
Hozircha har ikki tomon ham chekinmoqchi emas. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Gretsiyani Vizantiya merosxo‘ri bo‘lishga noloyiq deb hisoblaydi. Uning Adolat va taraqqiyot partiyasidan deputat bo‘lgan hammaslagi esa Gretsiyaning ko‘plab orollari XX asr boshigacha turklarniki bo‘lgani, o‘shanda teng bo‘lmagan vaziyatda ular tortib olinib greklarga berilganini, bugun tarixiy adolatni tiklash vaqti kelganini da'vo qilmoqda. Gretsiya hukumati ham qarab turmayapti va o‘z qirg‘oq zonasini kengaytirmoqda.
Ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi mojaroda yana ko‘plab tashqi «o‘yinchi»lar ishtirok etmoqda. Turkiyaga birgina Gretsiya emas, balki Fransiya, Misr va BAA ham qarshi chiqmoqda. Isroil esa Gretsiyani diplomatik yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.
Gaz konlari ustidagi «jang maydoni» va turklarga qarshi o‘q
2019 yilda Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi azaliy adovat yangi jabhada – gaz konlari tufayli qayta boshlandi. Hammasi O‘rta yer dengizida, Kipr orolining janubiy qirg‘oqlaridan biroz uzoqlikdagi dengiz hududidan yirik gaz koni topilishi bilan boshlandi.
Ushbu gaz konining Fransiyaning Total va Italiyaning Eni kompaniyasi tomonidan o‘zlashtirilishi Turkiyaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Turkiyaning da'vo qilishicha, yangi topilgan kondan Kipr orolining shimolida joylashgan Shimoliy Kipr turk respublikasiga ham ulush ajratilishi kerak edi.
2020 yil yanvar oyida Gretsiya, Isroil va Kipr o‘zaro gaz quvurini qurish to‘g‘risida bitim imzoladi. Yangi aniqlangan kon Yevropa bozorida gazga bo‘lgan talabning 4 foizini qoplashi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Manfaatdor tomonlar Turkiyani mintaqaviy hamkorlikdan chetlashtirishdi.
Turkiya ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q, rasmiy Anqara BMT tomonidan tan olingan Liviya hukumati bilan dengiz chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risida bitim imzoladi. Unga ko‘ra, Turkiya O‘rta yer dengizida Gretsiya-Isroil gaz quvuri o‘tishi kerak bo‘lgan bir qator hududlarga egalik huquqini oladi.
«Turkiya va Liviya o‘rtasidagi kelishuv BMTning «Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi»ning asosiy tamoyillariga zid keladi va Gretsiyaning suverenitetiga xavf soladi. Liviya bilan kelishuvning asosiy maqsadi, shubhasiz, Gretsiya va Kiprni energoresurslar rejalari masalasida Turkiya bilan hisoblashishga majbur qilish», deydi Leyden universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘qituvchisi Vasilis Karakasis.
Ammo BMTning «Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi»ni ratifikatsiya qilmagan Turkiya rasmiylari vaziyatni boshqacha ko‘rishmoqda.
«Turkiya hech qanday qoidani buzmayapti. Dengiz chegaralari faqat barcha tomonlar tan olgan taqdirda mavjud bo‘ladi», deydi Istanbuldagi mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Yoruk Ishik.
Ishik Turkiya va Liviya kelishgan chegaralarni Gretsiyaning roziligisiz haqiqiy deb hisoblash mumkin emas deb hisoblaydi. Ammo shu bilan birga Gretsiyaning o‘ziga tegishli orollar atrofidagi suvlarga bo‘lgan da'volari Anqara tomonidan tan olinmasa, ular ham haqiqiy hisoblanmaydi.
Turkiya-Liviya kelishuviga javoban, Gretsiya Misr bilan maxfiy dengiz shartnomasini tuzdi. Bu Anqarani g‘azablantirdi va Turkiya muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortdi hamda Gretsiyaning Karpatos, Rodos va Kastelorizo orollari yaqinidagi bahsli suvlarda tadqiqotlar o‘tkazish rejasini e'lon qildi.
Avgustning boshida Turkiyaning «Oruk Reis» razvedka kemasi beshta harbiy kema hamrohligida bahsli hududga jo‘nab ketdi. Gretsiya harbiy floti ularni ta'qib etib bordi va oqibatda grek hamda turk kemalari o‘rtasida kichik to‘qnashuv ham sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, ikki mamlakat qiruvchi samolyotlari Gretsiyaning Turkiya qirg‘oqlariga yaqin masofada joylashgan Kastelorizo oroli tepasida bir-birini ta'qib etib, shu atrofda dam olayotgan sayyohlarni xavotirga soldi.
Turkiyaning da'volariga javoban 26 avgust kuni O‘rta yer dengizida «Evnomiya» (qadimgi Gretsiyada qonunchilik ma'budasi nomi) nomi ostida Gretsiya, Kipr, Fransiya va Italiya qurolli kuchlarining birgalikdagi harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi. O‘sha paytda Gretsiyani qo‘llash uchun BAA harbiy aviatsiyasiga tegishli F-16 qiruvchi samolyotlari ham Krit oroliga yetib keldi.
Turkiya bunga javoban AQSh harbiy-dengiz kuchlari bilan o‘quv mashqlari o‘tkazilishini e'lon qildi. Garchi, AQSh va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar oldingiga qaraganda biroz iligan bo‘lsa-da Oq uydagilar hozircha Anqaraning O‘rta yer dengizi bo‘yicha da'volarini qo‘llab-quvvatlamayapti.
«1996 yildan beri mintaqada bunchalik ko‘p harbiy kemalar to‘planmagan edi. Tashqi vositachilarsiz keskin vaziyatni yumshatib bo‘lmaydi. Oqibatda esa Turkiya va Gretsiya harbiy flotlari to‘qnashishi xavfi har kuni oshib boraverishi mumkin», deydi Leyden universiteti o‘qituvchisi Karakasis.
Rasmiy Afina Yevropa Ittifoqidan o‘ziga nisbatan to‘liq birdamlikni kutmoqda va yevropaliklarni Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirmoqda. Ammo Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari oliy vakili Jozep Borrel O‘rta yer dengizidagi bahslar masalasida Bryusseldan aniq qadamlar kutmaslik kerakligi haqida ogohlantirdi. Gretsiya harbiy kuchlari shuningdek, NATOdan ham birdamlikni talab qilib, uning a'zolari o‘rtasidagi nizoda bu tashkilotning betarafligini nomaqbul deb hisoblamoqda.
Mojaroga Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Germaniya vositachilik qilishga urinmoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Afina va Anqara rasmiylarini muzokaralar stoliga o‘tirishga ko‘ndirish uchun urinyapti. Xayko Maasga ko‘ra, mintaqadagi bugungi vaziyat tubsiz jar yoqasida yurish bilan teng bo‘lyapti. U barchani falokat xavfi haqida ogohlantirgan.
Hozircha nemis diplomatining chaqiriqlari javobsiz qolmoqda. Garchi, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari muzokaralarga tayyor ekanini bildirayotgan bo‘lsa ham, ular tomonidan aniq qadam tashlanmayapti. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rasmiy Afinani qo‘rqoqlikda va turk manfaatlariga tajovuz qilayotganlikda ayblaydi va yon berishni umuman o‘ylamayapti. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis esa o‘z mamlakatiga tegishli orollar atrofidagi qirg‘oq zonasi g‘arbga qarab yanada kengaytirilishini e'lon qildi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu aniq Turkiyaga qarshi provokatsiya bo‘ldi.
BBC bilan suhbatlashgan grek va turk mutaxassislarning ta'kidlashicha, O‘rta yer dengizidagi gaz mojarosi shunchaki bahona. Muammoning ildizi chegaralardagi azaliy mojaro, dengizdagi turli kelishmovchiliklar va millatchilikka yo‘g‘rilgan loyihalarining turli talqinlari hamda yangi geosiyosiy bahslarga borib taqaladi.
Fransiya, Isroil va boshqa ittifoqchilar
Gretsiya aholisi 11 millionga yetmaydi va u doimiy kamayib bormoqda. Turkiyaning 82 million aholisi bor va bu raqam tobora o‘sib boryapti. Ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasida ham tafovut bor va Turkiya qurolli kuchlari Gretsiya qurolli kuchlaridan bir necha barobar ustun sanaladi.
«Gretsiyaning yolg‘iz o‘zi Turkiyaga qarshi tura olmaydi. Shuning uchun Gretsiya asta-sekinlik bilan koalitsiya tuzib, diplomatik faollikni oshirib boryapti. Yevropa Ittifoqi ham har doim Gretsiyaning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bu holat rasmiy Anqarani biroz hovuridan tushirib turadi», deydi Istanbulning Kadir Xas universiteti xalqaro aloqalar professori Dimitriy Triantafillu.
«Darhaqiqat, bu yerda gap Fransiya ko‘magi bilan turklarga qarshi o‘sib borayotgan ikki uchburchak – biri Isroil-Gretsiya-Kipr, ikkinchisi Misr-Gretsiya-Kiprdan tashkil topgan o‘q haqida boryapti», deydi Tel-Aviv universiteti milliy xavfsizlik institutining katta ilmiy xodimi Galatia Lindenshtrauss.
Ushbu norasmiy ittifoq Isroil va BAA o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar normallashishi ortidan yanada mustahkamlandi.
«Biroq, ushbu ittifoqning barcha a'zolari o‘z manfaati uchun harakat qiladi. Ittifoqchilar hozir Gretsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa ham, kelajakda ushbu mojaroga yangi o‘yinchilarning qo‘shilishi ular uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkin. BAAga qarashli qiruvchi samolyotlarning Kritga jo‘natilishi ham mintaqa uchun juda muhim voqea bo‘ldi. Rossiya yaqinda O‘rta yer dengizida faollashgan edi. Endi BAA ham O‘rta yer dengizida o‘zini tanitmoqda», deydi Yorik Ishik.
Ishikning ta'kidlashicha, agar bo‘g‘ozlarning maqomi to‘g‘risidagi Montryo konvensiyasiga ko‘ra Qora dengiz tashqi kuchlar uchun yopiq hisoblanadigan bo‘lsa, O‘rta yer dengizida yangi o‘yinchilar paydo bo‘ladi.
«Bu Gretsiya uchun ham, Turkiya uchun ham foydali emas, chunki mintaqaga kuchliroq o‘yinchilar kelishi ikkalasining ham roli pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin», deydi turkiyalik mutaxassis.
Ishik BAA tomonidan Kritga yuborilgan F-16 Block 60 qiruvchi samolyotlari texnik jihatdan grek va turk harbiylariga tegishli samolyotlarga qaraganda ancha zamonaviyroq ekanini ta'kidlaydi.
F-16 Block 60 qiruvchi samolyotlari BAA uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, ular Gretsiya hamda Turkiya qiruvchi samolyotlaridan ustunroq hisoblanadi. Eng qizig‘i, masalaning bir tarafdan kulgili, ikkinchi tarafdan fojiali tarafi shundaki, BAAga tegishli qiruvchi samolyotlarni boshqarayotgan uchuvchilar aynan Turkiyada tahsil olgan. Ular endi Turkiyaga qarshi harakatlarda ishtirok etishyapti.
Bundan tashqari, bir tomondan Misr, BAA va Turkiya qarama-qarshiligining sabablaridan yana biri siyosiy islomga bo‘lgan turli qarashlar tufayli kelib chiqyapti.
«Musulmon birodarlar» tashkilotining mafkurasi Turkiyadagi hukmron partiyaga yaqin bo‘lib, uning Misrdan qochgan ko‘plab a'zolari bu mamlakatda boshpana topgan.
Rasmiy Qohira va Abu-Dabi boshqa bir qator arab davlatlari hukumatlari bilan birgalikda siyosiy islomni mutlaq yovuzlik deb biladi va Turkiyaning «Musulmon birodarlar»ni qo‘llab-quvvatlashini o‘z mamlakatlarining barqarorligiga tahdid deb biladi.
Isroil esa Turkiyaning G‘azo sektorini nazorat qiladigan yana bir islomiy harakat HAMASni qo‘llab-quvvatlashidan xavotirda, deydi Tel-Aviv universiteti xodimi Lindenshtrauss.
Isroil rasmiy Anqarani anchadan buyon HAMASni moliyalashtirishda va unga yordam berishda gumon qilib kelmoqda. O‘tgan hafta Erdo‘g‘an HAMAS harakatining siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya va harakat qo‘mondonlaridan biri Solih al-Arurini qabul qildi. Solih al-Aruri AQSh tomonidan qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatida turadi va uni ushlab berganga 5 million dollar mukofot va'da qilingan.
Britaniyaning Times gazetasi, Isroil siyosiy razvedka xizmati («Mossad») direktori Yosi Koen yopiq yig‘ilishlarda Turkiyani mintaqadagi xavfsizlikka eng katta tahdid deb bilishini va bu davlat hatto yahudiy davlatining asosiy dushmani bo‘lgan Erondan ham xavfli deb aytgani haqida yozib chiqdi.
«Turkiya bugun mintaqaviy kuchlar guruhi tomonidan o‘z qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘layotgan voqealardan ham chetlashtirilyapti. O‘rta yer dengizida hozir Fransiyaning ta'sir doirasi oshib borayotgan vaqtda rasmiy Anqara o‘zini chetda qolgan deb his qilmoqda», deydi kelib chiqishi turk bo‘lgan Buyuk Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Ziyo Meral.
Barcha tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Fransiyaning O‘rta yer dengizida faollashuvi asosan Liviyadagi muvaffaqiyatsizliklar bilan bog‘liq. Liviyada bo‘lib o‘tayotgan qurolli mojarolarda O‘rta yer dengizida o‘zaro bahslashayotgan davlatlarning aksariyati qatnashyapti. Turkiya Tripolida BMT tomonidan tan olingan hukumatni qo‘llayapti. General Xalifa Haftarning Liviya milliy armiyasini esa BAA, Misr va Fransiya, shuningdek, rossiyalik yollanma askarlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki yashirin tarzda qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Gretsiyaga diplomatik va harbiy yordam ko‘rsatmoqda. Fransiya, Turkiyaning tanqidlariga qaramay, «Rafal» qiruvchi samolyotlarini hamda «Lafayyet» turidagi harbiy kemani mintaqda o‘tkaziladigan qo‘shma mashg‘ulotlarga yubormoqda.
Gretsiya bosh vaziri Emmanuel Makronni greklarning haqiqiy do‘sti va Yevropa qadriyatlari himoyachisi deb ataydi. Ammo tahlilchilarning fikricha, Makron Gretsiyaga faqat do‘stlik uchun yordam bermayapti, u ham O‘rta yer dengizidagi gazdan umidvor.
«So‘nggi 20 yil ichida Gretsiya o‘zining eski harbiy kemalarini modernizatsiya qilishga urinmoqda. Fransiya o‘z qurollarini, kemalarini va qiruvchi samolyotlarini Gretsiya va Kiprga sotmoqchi», deydi Yoruk Ishik. Parij allaqachon BAAga o‘z qurollarini sotmoqda deb qo‘shimcha qiladi u.
Bundan tashqari, Fransiyaning Total korporatsiyasi Kiprga tegishli dengiz hududlarda joylashgan konlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanyapti.
«Yevropa Ittifoqi rasmiylari Bryusselda ko‘hna qit'a tezroq qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishi lozimligini gapirishadi. Ikkinchi tarafdan esa ular O‘rta yer dengizda uglevodorodlar konlari uchun kurashga qo‘shilishga tayyor», deya qayd etadi turkiyalik tahlilchi.
Buyuk Britaniya Qirollik mudofaani o‘rganish instituti xodimi Ziyo Meral ham Makronning hatti-harakatini konstruktiv emas deb hisoblaydi.
Mojaroni Yevropa Ittifoqi, NATO, sharq-g‘arb, islomiylik hamda dunyoviylik o‘rtasidagi bahsga aylantirish, «neo-usmonli» va «sivilizatsiya» kabi jozibali atamalar bilan keng qo‘llab-quvvatlovni jalb qilishga urinishlar faqat o‘ziga xos milliy manfaatlarni yashirishga urinishdir», deydi Yoruk Ishik.
Leyden Universiteti xodimi Karakasis Fransiyaning O‘rta yer dengizidagi gaz konlarisiz ham mintaqada juda faolligini, Emmanuel Makron portdagi portlashdan so‘ng Bayrutga tashrif buyurgan ilk xorijiy rahbar bo‘lganini va u mintaqada xalqaro yordamni faol ravishda muvofiqlashtirayotganini eslatadi.
AQSh ko‘magisiz holdan toyish
BBC bilan suhbatlashgan barcha tahlilchilarning fikriga ko‘ra, faqatgina Vashington Gretsiya va Turkiyaga aniq ta'sir o‘tkazuvchi kuchga ega. Biroq, Donald Tramp ma'muriyati Barak Obama davrida bu mintaqadagi ishtirokini kamaytirish uchun boshlangan yo‘nalishni davom ettirmoqda.
«AQShning aralashuvi mojaro avj olishiga xalaqit berishi mumkin. Ammo Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi inqirozni yechish hozirgi paytda Tramp ma'muriyatining ustuvor vazifasi emas», deydi Leyden universiteti vakili Vasilis Karakis.
Uning fikricha, Germaniya mintaqada AQShning o‘rnini egallashga harakat qilmoqda, ammo uning zarur ta'sirga ega bo‘lishiga shubha bor. «Egey dengizidagi yong‘inni o‘chirish uchun nemis rasmiylari qanday diplomatik va iqtisodiy vositalardan foydalanishini mumkinligini bilmayman», deydi u.
Hozirgi murakkab inqiroz muhim shartnomalar tuzish imkoniyatini yaratishi mumkin, deydi Kadir Xas universiteti xodimi Dimitriy Triantafillu. Uning fikricha, bugungi vaziyatda Gretsiya va Turkiyaning o‘z harbiy faolligini oshirishi ancha xavfli, ammo bu har ikki davlatni muzokaralar stoliga o‘tirishga va o‘zaro kelishmovchiliklarga siyosiy yechim topishga urinishga majbur qilishi mumkin.
«Agar Fransiya, BAA, Misr va Isroil tomonidan tuzilgan blok o‘z manfaatlari yoki Turkiyaning mintaqada aktivligini cheklash bo‘yicha inqirozni davom ettirishga intilmasa, Gretsiya va Turkiya bu masalada yechim topa olishiga aminman», deydi Buyuk Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti xodimi Meral.
Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilinadimi?
Bu orada 28 agust kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqining 24 sentabr kuni o‘tkaziladigan sammitida Turkiyaga nisbatan sanksiyalar e'lon qilinishi mumkinligini bildirdi.
U Berlinda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida «Biz Turkiya bilan muloqotda oltin o‘rtalikda turib, jamoaviy muloqot qilish yo‘lini topishimiz kerak» degan.
Jozep Borrel rasmiy Anqaraga sanksiyalar joriy etish tahdidi bilan ta'sir ko‘rsatishga harakat qilinishini aytgan. «Yevropa Ittifoqida Turkiyaning O‘rta yer dengizidagi xatti-harakatlari yuzasidan norozilik kuchaymoqda. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi Kengashi Kipr sohillariga yaqin joyda burg‘ilash ishlari olib borilayotgani uchun bu davlat tomonidan taklif qilingan Turkiya rasmiylariga qarshi sanksiyalar qo‘llash ishlari tezlashtiriladi», deb qo‘shimcha qilgan Borrel.
Uning bildirishicha, Turkiyaga nisbatan joriy etiladigan sanksiyalar bu davlat kemalarining Yevropadagi portlarga kirishini taqiqlash ko‘rinishida bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Mavzuga oid
17:38 / 24.12.2024
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
18:39 / 14.12.2024