O‘zbekiston | 14:54 / 02.09.2020
38967
2 daqiqa o‘qiladi

«Imtihonga» telefon bilan kirgan abituriyent surati bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki kirish imtihonlariga abituriyentning telefon olib kirgani aks etgan surat tarqaldi. Davlat test markazi mazkur surat bo‘yicha izoh berdi.

“1-smenada o‘tkazilgan test sinovlari vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda turli rasmlar tarqaldi. Suratlardan biri 25 avgust kuni Andijon viloyatida hokimiyat tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminarda olingan bo‘lib, bu rasm bugungi test sinovlariga aloqador emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa rasmlar ham o‘rganilmoqda va o‘rganish natijasida kerakli choralar ko‘riladi”, deyiladi tashkilotning rasmiy izohida.

Qayd etilishicha, kirish imtihonlari jarayoni test2020.uz sayti orqali onlayn translatsiya qilinmoqda.

Davlat test markazi abituriyentlardan test sinovlariga faqatgina pasport va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlarini so‘ragan. Jarayonda taqiqlangan vositalar aniqlansa, abituriyent test sinovlaridan chetlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi

Mavzuga oid