Jahon | 22:09 / 03.09.2020
17153
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda bir necha ming yangi Chevrolet yo‘ltanlamasi pashshalar sababli yaroqsiz ko‘rinishga keldi

AQShda yangi Chevrolet Tahoe va GMC Yukon krossoverlari yetkazilishi pandemiya sababli bir necha oyga cho‘zilgani yetmaganidek, zavod maydonida qolib ketgan mashinalarda antiqa muammo paydo bo‘ldi. Bunga esa pashshalar sabab bo‘lgan.

Hammasi Chevrolet dilerlaridan birining shikoyatidan keyin boshlangan. Dilerga mashinalar kapoti, xromlangan detallari va peshoynasida pashsha qoldiqlari bilan yetkazilgan. Hasharotlar mashinaga shunchalik qattiq yopishib qolganki, Chevrolet Tahoe’dan birining kuzovini hattoki qaytadan bo‘yashga to‘g‘ri kelgan.

Tez orada mashinaga yopishib qolgan hasharot pashsha ekani, muammo esa anchagina katta ko‘lamli ekani ma'lum bo‘lgan: Arlington shahridagi zavod maydonchasida turgan 2600 ta mashina yaroqsiz ko‘rinishga kelgan.

Ta'kidlanishicha, zavod yaqinida ko‘l joylashgan bo‘lib, yoz esa issiq kelgan, shu sababli pashshalarning bunday ko‘lamda yopirilishida ajablanarli hech narsa yo‘q.

Biroq mashinalarga aynan nima yopishib qolgani noaniqligicha qolgan. General Motors vakillari tafsilotlarni ma'lum qilishmagan. Mutaxassislarning fikricha, mashinaga yopishib qolgan qoldiqlar pashsha g‘umbaklari katta bo‘lganda tashlaydigan xitin qobiq bo‘lishi mumkin.

Endi GM xodimlari oldida mashinalarni tozalash bo‘yicha katta vazifa turibdi: dastlab mashinalarga hasharotlarni olib tashlash uchun mo‘ljallangan vosita bilan ishlov beriladi, so‘ngra ular yuviladi. Shundan keyin mashinalar sayqallanib, bo‘yog‘i holati tekshiriladi. Ushbu ishlarni sentabr o‘rtasigacha yakunlash rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid