O‘zbekiston | 16:01 / 23.09.2020
22773
4 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Vohidjon Isoqovga bitta jarima solingan va uning miqdori 4,46 million so‘m bo‘lgan – Toshkent shahar DSENB

Xonanda Vohidjon Isoqov uylangani va to‘yiga belgilanganidan ko‘proq mehmon tashrif buyurgani uchun BHMning 5 baravari (1 million 115 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangani haqidagi xabar ko‘plab bahs munozaralarga sabab bo‘lgandi. Jumladan Kun.uz saytida ham “Haydovchiga besh million, artistga bir million jarima: mantiq qayerda qoldi, qonuniylik-chi?” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Bugun, 23 sentabr kuni Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xonandaga aslida 4,46 million so‘m miqdorida jarima solinganini bildirdi. Vaziyatga izoh olish uchun Toshkent shahar davlat sanitariya epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abzaljon Olimjonov bilan suhbatlashdik.

– Nega xonanda bilan bog‘liq jarimaga oid ikki xil xabar tarqaldi? Yoki jamoatchilik bosimidan so‘ng qaror o‘zgartirildimi?

– Yo‘q, xonandaga BHMning 5 baravari (1 million 115 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangani haqidagi xabar haqqoniy bo‘lmagan. Vohidjon Isoqovga bitta jarima solingan va uning miqdori boshidanoq 4,46 million so‘m bo‘lgan.

– Lekin bu 1,115 million so‘mlik jarima haqidagi xabar ham rasman tarqaldi-ku.

– To‘g‘ri, ammo uning manbasi bizning tashkilot emas. Biz bunday jarima haqida hech qayerda ma'lumot bermaganmiz, bunaqa miqdordagi jarimaning o‘zi bo‘lmagan ham.

– Nega xonandaga jarima kechikib qo‘llanildi?

– Buning obektiv sabablari bor – aslida bu ishga 17 sentyabrdayoq kirishilgan. Xodimlarimiz xonandaga qo‘ng‘iroq qilganlarida akasi javob bergan, o‘zi bilan bog‘lanish iloji bo‘lmagan. 18 sentyabrda xodimlarimiz ma'lumotnomaga imzo qo‘ydirish uchun Vohidjon Isoqovning uyiga borganlarida xonanda to‘yga ketganligini aytgan uyidagilar ma'lumotnomani imzolamaganlar.

19 sentabr kuni xonandaning o‘zi bilan bog‘lanib, dam olish kunlari o‘tganidan keyin, 21 sentyabrda bevosita o‘ziga qaror nusxasi yetkazilgan va imzolangan.

– Xonanda jarimani to‘lashdan bosh tortmadimi?

– Yo‘q, to‘lashini bildirdi. Agar 15 kun ichida o‘z ixtiyori bilan to‘lab yuborsa, 30 foizli chegirmaga ega bo‘ladi. Bordi-yu to‘lamasa, hujjatlar MIBga topshiriladi, keyingi qonuniy choralarni ular ko‘rishadi. Lekin, o‘ylaymanki, ish bungacha bormaydi va Vohidjon Isoqov ma'muriy jarimani o‘z vaqtida to‘laydi.

Bu borada Madaniyat vazirligi ham bayonot bergan, unda «...yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat'iy nazar ma'lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san'atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas...

...Tabiiyki, san'at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va mas'uliyat yuklaydi», - deyilgandi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid