Jamiyat | 11:36 / 27.10.2020
22714
5 daqiqa o‘qiladi

Otliqqa gaz yo‘q, lekin urgutlik «raygazchi»ning ukasiga bor. Samarqandda propanni uch oylab kutishmoqda

So‘nggi oylarda birjada suyultirilgan gaz narxi keskin oshib ketgach (bugun Samarqand viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida bir litr propan 4 100 – 4 600 so‘mdan sotilmoqda), tahririyatga turli hududlardan aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan gaz ballonlar kechikayotgani haqida xabarlar kelib tushmoqda.

Bu ayni haqiqat. Gaz ballonda pishadigan ovqatning «uzoq yillik mijozi sifatida» aytishim mumkinki, mahallalarda har oy gaz ballon tarqatilishi allaqachon orzuga aylangan. Ikki oyda bir kelsa ham, do‘ppini terak bo‘yi qilib otaverish kerak.

Ana shunday xabarlar yuzasidan soha mutasaddilaridan izoh olganimizda, ularning ayrimlari so‘nggi oylarda suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi korxonalar to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani, uni yetkazib berishda uzilishlar bo‘layotgani, shu sababli aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashda kechikishlar yuz berayotganini aytishadi. Ammo boshqa gaplar ham bormi deymanda...

Yaqinda «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali xodimlari tomonidan Urgut tumanida aholiga propan yetkazib berish jarayonini o‘rganish bo‘yicha fuqarolar bilan o‘tkazilgan muloqotlar chog‘ida ayrim qonunbuzarliklar va aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan gaz ballonlar ayrim shaxslar tomonidan qimmat narxlarda sotilayotgani aniqlangan.

Jumladan, Urgut tuman «G‘ishtmasjid» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi tomonidan shu mahallada yashovchi Sobir Pardayev xonadonida suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar doimiy ravishda 65 000 (ha, oltmish besh ming!) so‘mdan sotilayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaat yuzasidan «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali xodimlari Sobir Pardayev xonadonida bo‘lganida, u yerda 25 dona suyultirilgan gaz to‘ldirilgan va 3 dona bo‘sh maishiy gaz balloni borligi aniqlangan. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur gaz ballonlarga onlayn tizimga ulash uchun o‘rnatilgan maxsus shtrix-kodli stikerlar qasddan yulib tashlangan.

O‘rganishlar davomida Sobir Pardayev «Urguttumangaz» gaz ta'minoti bo‘limida haydovchi-ekspeditor bo‘lib ishlab kelgan Vohid Pardayevning ukasi ekanligi aniqlangan.

«Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirilgan.

So‘nggi oylarda Samarqand viloyatida gaz ballonlarini aholiga o‘z vaqtida yetkazilmayotgani xususida bir qancha murojaat bo‘ldi. Jumladan, yaqinda tahririyatga Past Darg‘om tumani «Usku» mahallasi aholisi 3 oydan beri gaz ballon kelmayotgani to‘g‘risida murojaat qilgan. Murojaatni o‘rganish jarayonida Past Darg‘om tumanidagi shu mahallani gaz ballon bilan ta'minlashi lozim bo‘lgan «Go’zalkentgaz» gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Qarshiyev bilan bog‘landik. U haqiqatan ham «Usku» mahallasiga so‘nggi bor gaz ballon 91 kun avval olib borilganini tasdiqladi.

Abdurashid Qarshiyev tomonidan imzolanib bizga yuborilgan ma'lumotnomada gaz ishlab chiqarishda muammolar bo‘layotgani sabab Past Darg‘om tumanining ayrim hududlarida gaz ballon yetkazib berish 65-70 kunga cho‘zilayotgani ma'lum qilingan.

«Gaz ballonlarni aholi xonadonlariga grafik asosida har 40-45 kunda tarqatish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bizga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, ya'ni pandemiya davrida aholi xonadonlariga suyultirilgan gazni xavfsiz yetkazib berish va ishlab chiqarish zavodlarida uzilishlar bo‘lgani sabab grafik 65-70 kunga kechikmoqda», deyiladi Abdurashid Qarshiyev taqdim etgan ma'lumotnomada.

Shu o‘rinda o‘rinli savollar tug‘iladi. Agar soha mutasaddilari aytayotganiday «ularga bog‘liq bo‘lmagan va ishlab chiqarish zavodlarida uzilishlar bo‘lgani sababli» gaz ballonlar yetkazib berish kechikayotgan bo‘lsa, unda birjada savdoga qo‘yilayotgan va gaz quyish shoxobchalarida sotilayotgan gazlar qayerdan kelyapti? Nega «zapravkada» doim propan bor? Yoki Urgutdagiday gaz idorasi xodimining ukasining uyida 25ta gaz bilan to‘ldirilgan ballon qayerdan paydo bo‘lyapti? Gaz ballon xalqqa tarqatilishi kerakmi yoki «raygaz»dagilarning ukalariga uch barobar narxda pullash uchun berilishi kerakmi? Undan ko‘ra eplay olmayapmiz, xalq manfaatidan ko‘ra nafs ustunlik qilyapti, deb qo‘ya qolishsa, mardlik bo‘larmidi?!

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri

Mavzuga oid