Xotinini xo‘rlagan er qamaldi. Ahvol nega bunchalikka bordi?
Turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklangani aks etgan ayol voqeasi mana to‘rt oydirki hamon jamoatchilik muhokamasida. Hatto hech bir qotillik yoxud boshqa ulkan jinoyatlar ham bu qadar muhokama etilmagani bu voqea yuzasidan kengroq mushohada yuritishga undaydi. Yuqoridagi holatdan shunday xulosa chiqarish mumkinki, demak oiladagi shafqatsizlik faqat M.V. hayotidagi voqea emas...
«Men vahshiy odam emasman»
Tasavvurimizga aniqlik kiritish uchun uzoq davom etgan sud majlislarida tomonlarning fikrlariga e'tibor qarataylik. Jumladan, ayolini uzoq yil xo‘rlab kelgani aytilgan Sh.K. o‘tgan sud majlislarida shunday fikrlarni bildirdi:
— Shu kunga qadar sud jarayonlarida juda ko‘p bo‘lmagan gaplar ham aytildi. Ammo men u ishlarni qiladigan darajada emasman. Ayolimni kaltaklaganimni tan olaman, bu rashk sababli edi, turmush o‘rtog‘imni yaxshi ko‘rganim uchun rashk qilganman. Qolaversa, o‘sha vaqtda kuchli stressda edim. To‘g‘ri, men jinoyat qildim, ammo bu darajada vahshiy emasman, men haqimda tarmoqlarda bo‘lmagan gaplar tarqalib ketdi.
Shuningdek, turmush o‘rtog‘i bilan yashash niyatida ekani, farzandlari taqdiri muhim ekanini bir necha bor ta'kidladi. Sh.K o‘z so‘zida o‘tgan uch-to‘rt oy mobaynida butunlay boshqa odamga aylangani, qilgan ishlarining xato ekanini endi tushunganini aytmoqda.
Bu gaplarni yozayotganimizning sababi shuki, ayblanuvchi vaqtinchalik qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgach, bir necha oyda barcha xatolarini tushunganini aytmoqda. Xo‘sh, bizda oiladagi zo‘ravonliklar ishtirokchilarining qamoqqacha bo‘lgan davrda o‘z xatolarini ko‘rsatadigan tizim yo‘qmi? Nima uchun ayblanuvchi jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan keyingina xatosini anglab yetmoqda? Oilaviy nizolarning barchasi shu yo‘sinda davom etishi kerakmi?
To‘g‘ri, bizda oilaviy nizolarni o‘rganish, bartaraf etish uchun mahalla tizimi mavjud. Ammo mazkur sud ishi shuni ko‘rsatdiki, mahalla tizimi ham bu borada kutilgan natijani bermagan! Chunki sud jarayonida mazkur xonadondagi aksariyat voqealardan mahalla fuqarolar yig‘inining xabardor emasligi aytildi va prokuror suddan mahalla fuqarolar yig‘iniga ham xususiy ajrim chiqarishni so‘radi. Sud mahalla fuqarolar yig‘iniga hamda jinoyatni kvalifikatsiya qilishdagi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni muhokama qilib tegishli chora ko‘rish maqsadida tergov organiga ham xususiy ajrim chiqardi.
Xullas, uzoq yillar davomida oiladagi holatni hech kim bartaraf eta olmagan, bu ishlarning xato ekanini bilish, chuqur anglash uchun na tizim va na muhit bo‘lgan. Bizni esa aftidan jamiyatning ana shu kamchiligi ko‘proq o‘ylantirishi kerakka o‘xshaydi.
«Farzandlarim otasini bu holatda ko‘rish menga ham oson emas»
Jabrlanuvchi, M.V. bir necha bor sud majlislarida bu voqea, turmush o‘rtog‘iga beriladigan jazo boshqalarga ham saboq bo‘lishi haqida gapirdi. «Turmush o‘rtog‘im ikki bolamning otasi. Menga oson emas bu odamni shu yerda ko‘rish. Shuncha vaqt hurmat qilib kelganman. O‘ylaymanki, aqllari kirib... Men Xudodan bu kishiga insof so‘rayman».
M.V. har gal sud majlislarida bu voqea boshqalarga ham saboq bo‘lishi haqda gapirdi. Bu esa e'tiborni tortmay qolmaydi. Demak u o‘ziga o‘xshagan jabrdiydalar jamiyatda oz emas deb hisoblaydi.
Mazkur voqea keng jamoatchilikka tarqalgach, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bu kabi holatlar yuzasidan ma'lumot bergandi. Jumladan, 2020 yilning dastlabki 8 oyida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan jami 4 744 ta murojaat va xabar kelib tushgani aytilgandi. Agar bizning jamiyatda ayol kishi uchun «uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish» eng yomon illat deb baholanishi, faqat chidab bo‘lmas darajaga yetgach, qayergadir murojaat qilinishini hisobga olsak, yuqoridagi raqamlar dahshati ko‘z oldimizga keladi. Va tabiiy bir savol tug‘iladi: biz qayerda xatoga yo‘l qo‘yyapmiz?
Bizning xalq ayollarni xo‘rlaydigan, ularga past nazar bilan qaraydigan xalqmi? Agar unday bo‘lmasa yuqoridagi raqamlar qayerdan kelib chiqmoqda? Va eng muhimi bu illatning kelib chiqish sababi endi o‘rganiladimi? Chunki jazo jinoyatchilikka mutlaqo barham beradigan omil emas. Uning sabablarini o‘rganish eng muhimi. Ishonamizki, bu borada ham chuqur o‘rganishlar olib boriladi va samarali tizim ishlab chiqiladi.
Anvar Mustafoqulov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024