O‘zbekiston | 22:49 / 09.12.2020
22203
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yoshlarining katta qismi pora berishni korrupsiya deb hisoblamaydi - so‘rovnoma

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va U-Report platformasi yoshlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Unda yoshlarning korrupsiyaga doir qarashlari haqida so‘raldi.

Agentlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha hududlaridan 15 507 nafar respondent qatnashgan. Ularning 30 foizi – xotin-qizlar.

Korrupsiya nima?

So‘ralganlarning yarmi (53 foiz) korrupsiya – pora berish va olishdan tortib, o‘g‘rilik va vakolatni suiiste'mol qilishga qadar bo‘lgan barcha harakatlarni o‘z ichiga olishini qayd etishgan.

Shunisi e'tiborliki, respondentlarning 34 foizi pora berish korrupsiya emas, deb hisoblashar ekan. 13 foiz respondentning fikriga ko‘ra, korrupsiyani faqat pora berish yuzaga keltiradi.

Korrupsiyada kim ko‘proq aybdor?

Bu savolga 70 foiz respondent ham pora beruvchi, ham pora oluvchi, deb javob berdi. Bu fikrning tarafdorlari ko‘proq ayollar bo‘ldi (76 foiz). Erkaklar esa pora oluvchi ko‘proq aybdor deb hisoblaydi (19 foiz).

Korrupsiyaning 5ta asosiy sababi

Respondentlar fikriga ko‘ra, korrupsiyaning asosiy sabablari quyidagilar:

  • ish haqi miqdorining pastligi (22 foiz);
  • mansabdor shaxslarning daromadlari va xarajatlari ustidan nazoratning yo‘qligi (15 foiz);
  • huquqiy savodxonlikning pastligi (12 foiz);
  • davlat xizmatchilarining amalparastligi (11 foiz);
  •  korrupsiya uchun jazo muqarrar emasligi (10 foiz).

So‘rov ishtirokchilarining 5 foizi bu savolni mentalitet bilan bog‘lashgan.

«Boshqa» variantini tanlagan respondentlarning 5 foizi samarasiz davlat boshqaruvi, eskirgan hujjatbozlik tizimi, ishlamaydigan qonunlar va nomukammal me'yoriy-huquqiy hujjatlar, iqtisodiyotning yaxshi rivojlanmagani, monopoliyaning mavjudligi va boshqalarni sabab qilib keltirishgan.

Oxirgi 2 yil ichida qaysi sohalarda korrupsiyaga duch kelgansiz?

Javoblar quyidagicha bo‘ldi: ta'lim (21 foiz), sog‘liqni saqlash (14 foiz), bandlik (12 foiz), prokuratura va ichki ishlar organlari (10 foiz).

Respondentlarning 18 foizi so‘nggi ikki yil ichida korrupsiya holatlariga duch kelmaganligini ta'kidlagan (erkaklarga nisbatan ko‘proq ayollar). Qizig‘i, respondentlar savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida korrupsiyaga deyarli duch kelmagan.

Korrupsiyaga duch kelsangiz...

So‘ralganlarning 65 foizi prokuratura yoki ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Ularning 40 foizi bu befoyda deb hisoblaydi, 13 foizi qasos olishlaridan qo‘rqadi va 12 foizi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan bo‘ladigan rasmiyatchiliklardan qochishadi.

So‘rov ishtirokchilarining 4 foizigina prokuratura va ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan.

Respondentlarning 41 foizi korrupsiya holatlari to‘g‘risida xabar berishga tayyor emas: ularning 26 foizi bunga shubha bilan qarashadi.

Korrupsiya to‘g‘risida anonim ravishda xabar berishga tayyor bo‘lganlar orasida davlat xizmatchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, ta'lim va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari ko‘proq, ya'ni qariyb 36 foiz.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, korrupsiya holatlari to‘g‘risida xabar berishga tayyor bo‘lganlarning eng ko‘pi Sirdaryo viloyatida – 28 foiz, eng kami – Toshkent va Namangan viloyatida.

Poytaxtda respondentlarning 40 foizi korrupsiya to‘g‘risida ma'lumot berishga rozi, ammo anonimlik asosida. Bunga ishonmaydiganlarning aksariyati va bu hech narsani o‘zgartirmaydi, deb o‘ylaydiganlar asosan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida — respondentlarning deyarli 30 foizi.

Korrupsiyaga guvoh bo‘lsangiz, bu haqda qayerga xabar berasiz?

Bu savolga respondentlarning 28 foizi «Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga», 18 foizi «prokuratura va ichki ishlar organlariga», 12 foizi «blogerlarga», 11 foizi «hech kimga» degan javobni tanlashgan.

Ba'zilar bu haqda OAVga xabar berishini (7 foiz) yoki ijtimoiy tarmoqlarda yozishini bildirgan (6 foiz).

So‘ralganlarning uchdan ikki qismi korrupsiyaga qarshi choralar to‘g‘risida juda kam ma'lumotga ega. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash xodimlari korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar to‘g‘risida eng kam ma'lumotga ega ekani ma'lum bo‘ldi, ya'ni ularning 44 foizi «Yo‘q» degan javobni belgilashgan.

Ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida eng ko‘p ma'lumotga ega bo‘lganlar bu — davlat xizmatchilari (47%).

«Tizim shunga majbur qiladi»

Respondentlarning uchdan bir qismi (35 foiz) mavjud tizim pora va tanishlar orqali muammolarni hal qilishga majbur qiladi, deb hisoblaydi.

44 foizi esa barcha ishlarni qonun doirasida hal qilgan yaxshi, degan fikrda.

Nima qilish kerak?

Korrupsiyani kamaytirish uchun birinchi navbatda nima qilish kerakligi haqidagi savolga 18 foiz ishtirokchining javobi – ish haqini oshirish kerak.

Respondentlarning 14 foizi tizimni o‘zgartirishni va jazoni kuchaytirishni taklif qilmoqda. So‘ralganlarning 12 foiziga ko‘ra, budjet xarajatlarida shaffoflik zarur.

«Agar siz korrupsiya holatiga guvoh bo‘lsangiz, u yoki bu xizmatlar uchun noqonuniy ravishda sizdan pul talab qilinsa, u holda prokuraturaning 1007 «Ishonch raqami»ga xabar bering. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya faktlari to‘g‘risida veb-sayt yaratish va xabar berish uchun ariza qoldirish imkonini beruvchi ilova ustida ish olib bormoqda», – deyiladi agentlik xabarida.

Mavzuga oid