O‘zbekiston | 01:32 / 15.12.2020
15911
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda yangi yil nishonlanmaydi. Xalq ta'limi vazirligi izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Xalq ta'limi vazirligi yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq cheklovlar yuzasidan izoh berdi.

«Xalq ta'limi vazirligi yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq cheklovlar pandemiya sharoitida bolalar va xodimlar xavfsizligini ta'minlash, maktablarda ota-onalardan turli noqonuniy pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida joriy etilayotganini ma'lum qiladi.

Shuningdek, umumta'lim maktablarining o‘quvchilari ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o‘tkazish Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish maqsadida ham taqiqlanadi.

Maktab foyesi va sinf xonalarini o‘quvchilarning qo‘llari bilan yasalgan bezaklardan tashqari, sun'iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish bilan bog‘liq cheklovlar yong‘in yuzaga kelish xavfining oldini olishni ko‘zda tutadi.

Bolalar bilan yangi yil bayrami tadbirlarini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Bolajon» va «Yoshlar» telekanallari orqali tashkil etiladigan yangi yil telemarafonini tomosha qilish hamda oila davrasida o‘tkazish tavsiya etiladi.

Bolalar xavfsizligi va salomatligi barcha narsadan ustun!» – deyiladi vazirlik axborotida.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yil tadbirlari va koronavirus bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Mavzuga oid