O‘zbekiston | 15:45 / 21.12.2020
24652
2 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov ayrim deputatlarni ijtimoiy tarmoqlardagi populistik chiqishlardan tiyilishga chaqirdi

19 dekabr kuni Tashkent City anjumanlar zalida «Toshkent yoshlar forumi – 2020» doirasida yoshlar migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Foto: Toshkent yoshlar forumi

Tadbirda Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov ham chiqish qildi. U mazkur chiqishida pandemiya immigratsiya borasida butun dunyoda yirik muammolarni paydo qilgani va bu jarayonda kuchsiz qatlam – muhojirlar eng ko‘p aziyat chekayotganini ta'kidladi.

Spiker o‘rinbosari shunday paytda migrantlarga yordam ko‘rsatishning muhimligi haqida gapirib, bir necha oy avval o‘zbekistonlik muhojirlarga chet davlatlarining o‘zida yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘tarilgan chaqiriqlarni tanqid qildi.

«Kimligini aytmay qo‘ya qolay. Bir necha oy avval o‘zbek migrantlariga chet davlatlarining o‘zida yordam ko‘rsatish bo‘yicha chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Taklif berishda ham o‘ylash kerak. Xo‘sh, Rossiyada bir kunlik yashash xarajatlari qanchaga tushishini bilasizmi? Biz migrantlarga bunday paytda vatanga qaytish uchun yetarlicha sharoit qilib berishimiz lozim. Men deputatlardan ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xil populistik chaqiriqlardan yiroq bo‘lishlarini so‘rardim», – deya Akmal Saidov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov bir muddat avval chet eldan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarishni vaqtincha to‘xtatib, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish taklifini bildirgan edi. 

«Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi», degan siyosatchi.

Ma'lumot uchun, qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov ham mansubligi bo‘yicha «O‘zbekiston milliy tiklanish» partiyasi a'zosi hisoblanadi.

Mavzuga oid