Aholi muammolari mundarijasi: Yil davomida Kun.uz'ning Samarqand filiali ko‘targan mavzular sarhisobi
Yaqinda Kun.uz'ning Samarqand hududiy filiali tashkil etilganiga ikki yil to‘ladi. 2019 yilning yanvar oyida hududiy bo‘limda bir kishi ish boshlagan bo‘lsa, bugun texnik va ijodiy xodimlar soni to‘qqiz nafarga yetdi. Shunga yarasha jamoaning o‘quvchilar oldidagi vazifalari ham kengaydi.
Hududiy bo‘lim xodimlari turli shakldagi axborotlar tayyorlash bilan birga, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatidan kelgan murojaatlarni joyida o‘rganib, jurnalist surishtiruvlari o‘tkazib bormoqda.
2020 yil yakunida ana shu murojaatlar mazmuni, ular asosida e'lon qilingan maqolalarni sarhisob qilishga qaror qildik. Shu asnoda hududlarda aholini asosan nimalar qiynayotgani, qaysi sohada, qanday muammolar o‘z yechimini kutib yotganini mutasaddilar e'tiboriga ham havola etamiz.
Hududiy bo‘lim tomonidan yil davomida 120ga yaqin jurnalist surishtiruvlari e'lon qilindi. Ularning 39 tasi tadbirkorlarning turli to‘siqlarga duch kelayotgani haqidagi shikoyatlari asosida ekani har qanday fuqaroni tashvishga soladi.
Yana ham achinarlisi, qator tadbirkorlar o‘z murojaatida ularga shahar yoki tuman hokimligi yoxud sud va nazorat organlari ta'sirida to‘sqinlik bo‘layotganini ma'lum qilishgan.
Odatda fuqarolik jamiyatida har qanday to‘siqqa duch kelgan tadbirkor o‘z huquqini tiklash uchun sudga murojaat etadi. Ammo o‘rganishlar jarayonida sud mahkamalarida ham tadbirkorning muammosi yechimini topmagan holatlar ham bir necha bor uchradi.
Tadbirkorlar duch kelayotgan muammoga misol sifatida Qashqadaryodagi «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi faoliyatiga aynan davlat boshqaruv idoralari tomonidan to‘siq qo‘yilgani yuzasidan «Qashqadaryoda ilg‘or klaster tugatilmoqda. Bu – «kattalar»ning noqonuniy talabini bajarmaganlik uchun jazomi?» sarlavhali maqolani keltirish mumkin.
Bir yilda Qarshi tuman budjetiga yiliga 28 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘lagan (minglab ish o‘rni yaratayotgan, o‘n millionlab dollarlik eksport qilgan) korxona muammolari afsuski yil davomida davom etdi, tadbirkor uzoq vaqtini sud va boshqa jarayonlarda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.
«Muborak hokimiga Oliy suddan yuqoriroq organ qarori kerak. Yoxud Javliyev bir yil keyingi voqealarni oldindan sezgan(mi?)» (havola) hamda «Qarshida tadbirkorlik boshlashning qanday «qoidasi» bor? Amerikadan qaytib sarson bo‘layotgan tadbirkor hasrati» (havola) sarlavhali maqolalarda ham ayrim hududlarda tadbirkorlik boshlash yoxud davom ettirish qanchalik mushkul bo‘layotganiga guvoh bo‘lasiz.
Mazkur murojaatlarning katta qismi Qashqadaryo viloyatidan tushayotganini hisobga olib, viloyat rahbariyatini tuman va shaharlarda tadbirkorlikka munosabatni tahlil qilishga undagan bo‘lardik. Xuddi shunday, yil davomida buxorolik tadbirkorlarning muammolari imkon qadar yoritildi.
Asta sekin kamayib borayotgan muammo – davlat va jamoat ehtiyoji uchun buzilgan binolar uchun to‘lanadigan kompensatsiya. Muammo bu yil nisbatan kamroq bo‘lsa-da, hamon bor. Bu borada ko‘proq Surxondaryo viloyatidan murojaatlar kelmoqda.
Jumladan, «Bitim bor, puldan darak yo‘q: Muzrabotda tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash paysalga solinmoqda» sarlavhali maqolada 2019 yildan beri o‘z mulki uchun kompensatsiya ololmagan muzrabotlik tadbirkorlar muammosi hikoya qilingan. Xuddi shunday muammo bo‘yicha Uzun tumanidan ham murojaatlar bo‘ldi.
O‘rganishlardan ma'lum bo‘lmoqdaki, bugungi kunda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan yana bir eng katta muammolardan biri – auksionda g‘olib bo‘lib, yutib olgan o‘z yerlariga egalik qila olmasligi ekan.
Aslida, hozir tadbirkorlik uchun yer olishning yagona yo‘li bu – auksion. Ammo auksionda g‘olib bo‘lib ham yerga egalik qila olmaslik, eng tashvishli masalalardan biridir.
Xolbuki, auksion orqali yer berish tartibi sohani butunlay korrupsiya illatidan tozalashi kerak edi. Bu tartib tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun fuqarolar hokimlarning ra'yiga qarab qolmasligi uchun ishlab chiqilgan. Biroq ayrim mahalliy rahbarlar halol va sog‘lom bu tartibga hamon ko‘nika olishmayapti.
Jumladan, Ishtixon mashina-traktor parkini onlayn auksionda yutib olgan g‘olib u yerga kira olmasdan sarson bo‘layotganini bir necha bor yoritishga to‘g‘ri keldi.
Samarqand va Jizzax viloyatidan bu yil ko‘proq fermer xo‘jaliklari yechim topolmayotgan muammolari yuzasidan murojaat qilishmoqda. Navoiydan esa ko‘p qavatli uylardagi muammolar ko‘proq aholini qiynayotgani ma'lum bo‘ldi.
Qishloq hududlardan yo‘llanayotgan murojaatlarning deyarli barchasida uchta muammo albatta sanab o‘tilmoqda – yo‘l, tabiiy gaz va eskirgan elektr tarmoqlari.
Mazkur uch muammo borasida birorta hududni ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardik. Chunki biror bir tuman yo‘qki, unda 60 yillarda o‘rnatilgan simyog‘och va tarmoqlar to‘liq almashtirilgan bo‘lsa.
Bugungi kungacha yetarli e'tibor qaratilmagan bu masalani to‘liq hal qilish uchun aftidan, mahalliy budjet va tegishli tashkilotlarda yetarli mablag‘ning o‘zi yo‘q. Ichki yo‘llar masalasida ham xuddi shunday deyish mumkin.
Tabiiy gaz, umuman isitish muammosining qay darajada ekanini esa bu yilgi qorli-qirovli kunlar boshidayoq barchamiz ko‘rdik...
Ana shu muammolar aks etgan murojaatlar yil davomida Yakkabog‘, Kasbi, Qo‘shrabot, Jomboy, Jondor, Nishon, G‘uzor, Sariosiyo, Xatirchi tumanlari misolida yoritildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida tuman markazlari va shaharlarda ham eng ko‘p murojaatlar isitish tizimi bilan bog‘liq. Tabiiy gaz tanqisligi va elektr energiyasi ta'minotidagi zo‘riqishlar sabablari mutaxassislar ishtirokida tahlil etildi. Xulosa shuki, shaharlarda toki issiqlik ta'minoti qayta tiklanmas ekan, gaz va elektr tanqisligiga barham berish amri mahol.
Uzoq yillar tashlab qo‘yilgan issiqlik manbayi tizimini qayta tiklash esa ulkan mablag‘ talab etadi. Istiqbolli birgina yo‘l – zamonaviy lokal qozonxonalar orqali issiqlikni tiklash va natijada elektr va gaz ta'minotidagi zo‘riqishlarga ham barham berish bo‘lib turibdi.
Firibgarlik, jinoyatchilik, ijro harakatlari sustligi, umuman, huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar ham e'lon qilib borildi.
Jumladan, «Denov avtoshohbekatining tergovchi uydirmalari asosida qamalgan rahbarlari oqlanganidan keyin ham ishiga qayta olmayapti» sarlavhali maqola yuzlab o‘quvchilarning muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlog‘i ahlining chorva o‘g‘irligidan shikoyat asosida surishtiruv, «Kattaqo‘rg‘onda fuqaroni bir nechta joyidan pichoqlagan shaxs badanga yengil shikast yetkazganlik bilan ayblangani, Urgutda IIB xodimining nohaq harakati oqibatida zarar ko‘rgan fermer kabi o‘rganishlar o‘quvchilar e'tiborini tortdi. Bunday mavzudagi o‘rganishlar yil davomida olib borildi.
2020 yilda xususiy migratsiya korxonalari ustidan shikoyatlar bir necha baravarga ko‘paydi va bu haqda ham yil davomida o‘rganishlar olib borildi. Umuman, xususiy migratsiya korxonalari bilan bog‘liq shikoyatlar bu yil butun mamlakat bo‘yicha yangraganiga guvoh bo‘ldik. OAVda bu muammo qayta qayta ko‘tarilgach, tegishli qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi.
Yuqorida qishloq yo‘llari ahvoliga to‘xtaldik. Taassufki, ayrim hududlardan markaziy yo‘llar sifati borasida ham shikoyatlar ko‘paymoqda. Jumladan, aynan yo‘l muammosi tufayli fojia chiqqan holatlarga ham guvoh bo‘ldik.
Yana bir eng og‘riqli muammolardan biri. Yurtimizning qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarda tabiiyki qadimdan quda-andachilik chegara oshib ham davom etavergan. Ammo zamonlar o‘zgarib, qo‘shni davlatdan kelin bo‘lib kelib, umr bo‘yi tegishli hujjat ololmay sarson bo‘lganlar ham bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida ana shu mazmundagi murojaat ham bo‘ldi.
Jumladan, Urgut tumani yashovchi ayol murojaati bo‘yicha e'lon qilingan «Birgina qayd asiri: Urgutda 34 yildan beri yashab, fuqarolik pasporti ololmayotgan 8 bolaning onasi» nomli maqola misolida xuddi shu kabi o‘nlab oilalar taqdirini ko‘rish mumkin.
E'tiborlisi, shuncha yil davomida azobda yashagan bu oilaning muammosi maqola e'lon qilingach, bir zumda hal etildi. Bu esa bizni xursand qilmasdan qolmaydi.
Umuman olganda, aslida muammoni yoritishdan maqsad ham shu – jamoatchilik e'tiborini jalb qilib, yechim topish. Qolavayersa, mutaxassislar yordamida muammolar yechimiga takliflar berish.
Qisqa qilib aytganda, Kun.uz'ning Samarqand filiali jamoasi ko‘tarib chiqiladigan mavzularni tanlashda uning dolzarbligi va ko‘pchilikka nafi tegishini hisobga olindi.
Muayyan bir shaxs, masalan yakka tadbirkorning muammosi yoritilgan holatlar ham, o‘xshash mazmundagi murojaatlar ko‘pligidan kelib chiqsak, aslida tizimli muammolar borligiga ishora qiladi.
Shuhrat Shokirjonov,
muharrir, Kun.uz tahririyati bo‘lim boshlig‘i.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024