Jizzax viloyatida bir kunda 5 hudud rahbari almashdi
19 yanvar kuni Jizzax viloyatining Jizzax shahri, Mirzacho‘l, Zafarobod, Forish va Yangiobod tumanlarida yangi hokimlar ish boshladi. Shuningdek, viloyat hokimining ikki o‘rinbosari o‘zgardi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, 19 yanvar kuni Xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi va unda tashkiliy masala ko‘rildi.
Sessiya kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Ergash Soliyev so‘zga chiqib, Ibrohim Boltayevich Qarshiboyev nomzodini Yangiobod tumani hokimi lavozimiga tavsiya etgan, deputatlar taklifni ma'qullashgan.
Bungacha Yangiobod tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Ikrom Sindarovich Matiyev Forish tumani hokimi lavozimiga o‘tgandi.
Ibrohim Qarshiboyev bungacha Zafarobod tumanida hokimlik qilib kelgandi. Zafarobod tumaniga endilikda Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha sobiq birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Nodir Rajapov rahbarlik qiladi.
19 yanvar kuni Mirzacho‘l tumani hokimi Komil Xolmurodov Jizzax shahriga hokim etib tayinlandi. U yangi lavozimda Akbar Shukurov o‘rnini egalladi.
Komil Xolmurodov o‘rniga Mirzacho‘l tumaniga Sherzod Ahmedov yangi hokim etib tayinlangan.
Forish tumanining avvalgi hokimi Abduvali Mustanov Nodir Rajapov o‘rniga Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi.
Shuningdek, Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov lavozimidan ozod qilinib, uning o‘rniga Bahrom Nazarov tayinlangan.
Ayni vaqtda Jizzax shahrining sobiq hokimi Akbar Shukurovning keyingi faoliyati haqida ma'lumot yo‘q.
Mavzuga oid
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:23 / 19.12.2024
Manba: Jizzax viloyati hokimi ishdan olingan
17:52 / 11.12.2024