O‘zbekiston | 15:48 / 10.02.2021
37812
4 daqiqa o‘qiladi

Sigir sog‘ishdan tappi yoqishgacha - qishloq ayolining bir kuni

Kun.uz «Qishloqda bir kun» ruknining galdagi sonida qishloq ayollari turmushidan hikoya qiladi.

Sevara Norqozoqova – 33 yoshda, 4 farzandning onasi. Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Qo‘rli qishlog‘ida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i feldsher, o‘zi esa uy bekasi.

Odatiy o‘zbek oilalarida bo‘lgani kabi ro‘zg‘or ishlari, bolalar tarbiyasi qahramonimiz zimmasida. Qishloqda esa bekalik yumushlari anchagina.

Sevara Norqozoqova ertalab soat 5:00da uyg‘onadi. Birinchi bo‘lib qiladigan ishi – sigir sog‘ish. Oila ro‘zg‘orida 2 ta sigir bor, har biridan kuniga 2–3 litr sut sog‘ib olinadi.

Sog‘ilgan sut pishiriladi, ivitib qatiq tayyorlanadi, maxsus aylantirgich moslamaga solib yog‘i ajratib olinadi. Qolgan sutdan esa suzma tayyorlanadi.

Sigir sog‘ib bo‘lingach, nonushta tayyorlashga kirishiladi. Bunda ham uyni isitish, ham choy qaynatish uchun pechka yoqish zarur. Uy bekasining aytishicha, har kuni 3 mahaldan 3 ta xonaga pechkaga o‘t yoqadi.

Asosiy yoqilg‘i turlari – tappi, oq quvray (cho‘l-dashtda o‘sadigan yovvoyi o‘t), tarasha. Tappi bahor-yozda chorva go‘ngidan tayyorlanib, qishga tayyorlab qo‘yiladi.

Choy qaynab, uy isigach, butun oila nonushta qilish uchun dasturxon atrofiga yig‘iladi. Nonushtadan so‘ng oilaning yoshi ulug‘ onaxoni duo o‘qiydi, so‘ng hamma – o‘z yumushi bilan andarmon. Bolalar maktabga yo‘l olishadi. Qahramonimiz esa odatdagiday ro‘zg‘or ishlarini davom ettiradi.

Non uchun xamir tayyorlab, zuvalalar qilinadi. Bunda qaynona, ovsin ham yordam berishadi. Xamir achishiga biroz vaqt qolgach, tandirga o‘t yoqib, non yopishga tayyorlab qo‘yiladi.

Nonlarni tandirdan uzguncha tushlik vaqti ham bo‘lib qoldi. Beka darrovgina osh masalliqlarini tayyorlab, o‘choqda osh pishirishga ham ulgurdi. Osh suzilgach, tushlik ham oila davrasida tanovul qilinadi.

Og‘ilxona yaqinidagi tappixona e'tiborimizni tortdi. U yerga tappilar taxlab qo‘yilgan. Mezbonning aytishicha, tappi may–oktyabr oylarida yasaladi. Qishdagi tezaklar esa bir joyga yig‘ib qo‘yiladi, keyin kunlar iligach, suv qo‘shib tappi qoriladi.

Oilaning asosiy daromadi – uzumchilik. Yoz oxirida hosil yig‘ishtirilib, uzum quritiladi. Mayiz holiga kelgach, uni sotishdan avval navlarga ajratib saralanadi. Mayiz qanchalik sifatli saralansa, bozorda shunchalik qimmatroqqa sotiladi.

Biz bilan suhbatda Sevara Norqozoqova qishloqdagi doimiy muammolarni sanab o‘tdi.

«Qishloqda ham shahardagidek sharoit bo‘lishini, gaz, doimiy elektr toki bo‘lishini xohlardik. Qishlog‘imizga gaz umuman yetib kelmagan. Elektr toki kunduzi o‘chmaydi. Faqat kechki payt ayni ovqatlanayotgan, bolalar dars qilayotgan payti elektr toki o‘chib qoladi. Tabiiyki, doimiy gaz, elektr toki bo‘lmagani uchun o‘tinga ehtiyojimiz oshadi.

Qorong‘i payti pechkaga o‘t yoqishdan qiynalamiz, o‘tinlar yetmay qoladigan vaqtlar bo‘ladi. Natijada uylar sovib ketadi, bolalar shuning uchun qishda tez-tez kasal bo‘lib qolishadi».

Kun.uz qishloqlardagi turmush manzaralarini yoritishda davom etadi. Rukndagi boshqa maqolalar bilan ushbu havolada tanishing.

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi –
Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid