«TATUda faqat bir semestr o‘qidim, keyin...» - Amazon’da dasturchi-muhandis bo‘lib ishlayotgan yigit hikoyasi
“Maktabni bitirib, TATUga o‘qishga kirganman, bir semestrlik o‘qishdan so‘ng menga ko‘proq yangilik bera oladigan atmosferada o‘zimni sinab ko‘rishni xohlaganman va Janubiy Koreyaga ko‘chib kelganman. Bu mening global olamga qo‘ygan ilk qadamim bo‘lgan”, deydi Amazon kompaniyasi xodimi Beknazar Abdikamolov.
U hozir 28 yoshda, shu paytga qadar bakalavr va magistraturani tugatgan, dasturlash bo‘yicha bir necha yillik tajribaga ega kadr.
Kanadada faoliyat yuritayotgan, migrantlar uchun huquqiy maslahatlar berishga ixtisoslashgan Immigration shop loyihasi muallifi Rahmat Sobirov Amazon kompaniyasida dasturchi-muhandis bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik Beknazar Abdikamolov bilan suhbatlashdi. Dastur boshlovchisining qayd etishicha, dasturchi-muhandislik Kanadada talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklardan biri hisoblanadi.
Bekzod dastlab Janubiy Koreyada kompyuter ilmi va matematika mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oladi. Koreyada uning ilk ish faoliyati boshlanadi, veb dasturlar va mobil ilovalar bilan bog‘liq ilk startaplarini amalga oshiradi. Koreyadagi 9 yillik hayotdan so‘ng Amazon’da ishlash uchun Kanadaning Vankuver shahriga keladi. U hozir 28 yoshda, shu paytga qadar bakalavr va magistraturani tugatgan, bir necha yillik tajribaga ham ega bo‘lgan.
Kichikligimdan kelajakda kim bo‘lishim aniq edi...
O‘smirlik yillarimdan kompyuter ilmini o‘rganishga qiziqqanman. Kodlashni o‘rganish uchun juda ko‘p shug‘ullanganimdan bu ko‘rish qobiliyatimga ham ta’sir qilgan o‘shanda. Yuqori sinflarni matematika va ingliz tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qiganman, ingliz tili va matematikadan turli olimpiadalarda qatnashganman. Menda kelajakka nisbatan katta maqsadlar bor edi, kelgusida yaxshi narsalarni o‘ylab topishni, ko‘p narsaga erishishni xohlaganman.
Ko‘pchilik kichik yoshidan kelajakda kim bo‘lishi, qayerda o‘qishi haqida o‘ylaydi, turlicha rejalar qiladi. Lekin men bolaligimdanoq kim bo‘lishimni yaxshi bilardim: kompyuter sohasiga oid kasbni tanlashim aniq edi. Boshqa kasb haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmaganman.
Men uchun eng yaxshi to‘lov
Ilk ishlatgan kompyuterim dadamning ish kompyuteri edi. Monitori juda katta, oldida protsessori alohida qo‘yilgan eski avlod kompyuteri... O‘sha kompyuterdan ilk bor foydalanib, texnikaga mehrim tushgan.
Uyda esa shaxsiy kompyuterim yo‘q edi. Onamning ishxonasi uyimizga yaqin bo‘lgan. U yerda kompyuter borligi sabab ko‘p borib turardim. Bundan tashqari, onamning ofisi bilan bitta binoda industrial yo‘nalishdagi audit firmasi ham joylashgandi. Men u yerdagi xodimlarga internetdan qanday qilib foydalanish, fayllarni yuklab olish, ma’lumotlardan foydalanishni o‘rgatardim. Ular buning uchun pul to‘lamagan, lekin evaziga internetdan foydalanishga ruxsat bergan. Bu mening uchun eng yaxshi to‘lov edi.
TATUda bir semestr o‘qiganman, keyin...
Maktabni tugatgandan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga hujjat topshirganman. Bu yerda faqatgina bir semestr o‘qidim, xolos. Men ko‘proq yangilik bera oladigan atmosferada o‘zimni sinab ko‘rishni xohladim va Janubiy Koreyaga ko‘chib keldim. Bu mening global olamga qo‘ygan ilk qadamim bo‘lgan. Janubiy Koreyada Ulsan milliy fan va texnologiya institutida o‘qishni davom ettirganman.
Til bilish juda muhim
Ingliz tilini maqsadlarimga erishish yo‘lidagi ko‘prik sifatida qabul qilganman. Ko‘pchilik ingliz tilini davlat OTMga kirish imtihonlari uchun o‘rganadi yoki “IELTS imtihonida 7 olishim kerak”, degan kuchli bosim bilan dars qiladi. Menda ingliz tilini o‘rganish esa biroz boshqacharoq bo‘lgan. Bu tilni jiyanim bilan birga o‘rganganman, u bilan turli qiziq gaplar tuzardik, kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilardik.
Insondagi qobiliyatlarni ingliz tilida guruhlaydigan bo‘lsak, ular 2 xil xarakterlanadi: soft skills va hard skills. Soft skills shaxsning hamkorlari, hamkasblari, xodimlari bilan muloqot qila olishini ham anglatadi. Hozir bu turdagi qobiliyat juda muhim bo‘lib bormoqda. Hard skills esa turli ko‘nikmalarga ega bo‘lish, masalan, qaysidir dasturda ishlay olish, kodlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish kabilarni anglatadi.
Bu borada ingliz tili va boshqa tillarni bilish juda muhim, deb hisoblayman. Janubiy Koreyada o‘qigan va ishlagan paytlarim koreys tilini bilishim juda yaxshi emasdi. Shuning uchun hamkasblar bilan muloqot qilishga qiynalganman va o‘zimni ajralib qolgandek his qilganman. To‘g‘ri, o‘zimga tegishli ishlarni qila olardim, kodlash, ma’lumotlar yaratish hech narsa emasdi, biroq boshqalar bilan erkin gaplasha olmas, fikrlasha olmasdim.
Shuning uchun mening qat’iy xulosam: til bilish insonning o‘zi bo‘lib turgan atmosfera bilan birga bo‘lishi va shaxsiy rivojlanishi uchun juda muhim.
Amazon’ga qanday kelganim haqida
Bu biroz uzoq davom etgan jarayon. Janubiy Koreyada startap loyihalari bilan ishlab yurgan paytimda Amazon kompaniyasining LinkedIn’da ko‘rsatilgan profillari orqali bog‘langanman. Boshqalarga ham LinkedIn’da profil ochishni maslahat bergan bo‘lardim. Sababi, bu tarmoq orqali potensial ish beruvchilar bilan bog‘lanish mumkin. Amazon kompaniyasi men bilan o‘tgan yili yanvar oyida bog‘landi. Ular menga “Sizni maxsus jamoaga olmoqchimiz va bu jamoa haqida ma’lumot beramiz, siz Amazon’da ishlashni xohlaysizmi?” degan mazmundagi e-mail xabari yuborgandi. Mening javobim esa, albatta, “ha” edi.
So‘ng ular mendan onlayn imtihon olishgan. Bunga 3 soat vaqt ajratilgan va bu muddatda mendan veb-saytni baholash, kodlash ko‘nikmasidan foydalangan holda o‘z yechimlarimni berish so‘ralgan, bundan tashqari, bir qancha test ham ishlaganman. Bu mening bilimimni baholash uchun muhim bo‘lgan.
Keyingi bosqichda esa qo‘ng‘iroq orqali shaxsiy savollar berishgan. “O‘zingizning eng katta muvaffaqiyatingiz nima?” va shunga o‘xshash savollar. Bu bilan kompaniya shaxsiyati yaxshi, dunyoqarashi keng va liderlik qobiliyatiga ega xodim olayotganiga ishonch hosil qilishi kerak bo‘lgan.
Bundan keyingi bosqichda esa muhandis bilan bir soatlik kasbimga oid savol-javob bo‘lgan, birgalikda kodlash ishlarini bajarganmiz. Imtihondan o‘ta oldim. Shundan so‘ng men Kanadaga ko‘chib borganman.
Amazon har doim yaxshi kadrlar olish uchun qiziqish bildiradi. Bundan tashqari, butun dunyoda dasturchi-muhandislarga ish har doim topiladi. Lekin, eng asosiysi, doim o‘z ustida ishlash va malaka oshirib borish.
Kanadada ish topish osonmi?
Agar uzoq davlatdan bo‘lsangiz, Kanadada ish topish oson emas. Masalan, men ham Koreyada paytim juda ko‘p ishlarga ariza topshirib ko‘rganman. Qariyb 90 foizidan rad etilganim haqida xabarlar olganman. Bunga tayyor bo‘lish lozim. Realist bo‘lish kerak. Muhimi, bularga e’tibor qaratish emas, balki oldinga qarab harakat qilish kerak. Shuncha odam ishini qanday qilib topgan, demak, yo‘li bor.
Faqat harakat qilish kerak. Qaysi davlatdan bo‘lishning ahamiyati yo‘q. O‘zi ishlab turgan joyida ko‘proq ishlash, turli loyihalarni amalga oshirish, shaxsiy rivojlanish ustida ishlash kerak. “Mana bu kompaniya uchun mana shu proyektni qilganman, mana shu tashkilot uchun bunisini amalga oshirganman”, degan yutuqlar esa rezyumega qo‘shib boriladi. Bu insonning faqatgina foydasiga ishlaydi.
Qayerda ta’lim olish emas, qanday malakaga ega bo‘lish muhim
Agar dasturlashga qiziqsangiz, imkon qadar tez o‘rganishni boshlang. Onlayn ma’lumotlar va videolar orqali ham ko‘p narsa o‘rganish mumkin. O‘rganishni boshlagan qismni bosqichma-bosqich o‘rganayotganingiz va o‘rtada hech narsa qolib ketmayotganiga ishonch hosil qilib boring. Oxirida esa o‘rganganlaringiz asosida biror sinov loyihani tayyorlab ko‘ring.
Talabalik paytimda o‘rgangan narsalarimni imkon qadar amaliyotda sinab ko‘rishga harakat qilardim. Dasturchi-muhandis uchun bu muhim. Bilimlarni doimiy ravishda amaliyot bilan mustahkamlab borish kerak.
Chetda juda ko‘p kompaniyalar qayerda, qancha ta’lim olinganiga qarab o‘tirmaydi. Ular qanday malakaga ega ekani va qanday loyihalarni amalga oshirganiga qarab xodim tanlaydi, unga baho beradi. Demak, asosiysi ta’lim olganlik emas, tajribaga ega bo‘lishdir.
Mavzuga oid
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
18:20 / 12.11.2024
“Muammo – erinchoqligimizda”: odamdagi stress darajasini aniqlash ustida ishlayotgan o‘zbekning dasturchi qizi
10:07 / 28.06.2024
“Yangi narsani o‘rganishga o‘ch bo‘lish kerak” – oldin Uber, hozir TikTok kompaniyasida ishlayotgan o‘zbek dasturchisi
15:31 / 18.05.2024